Madaniyat va turizm vazirligi tizimidagi 36 ta muzey haqidagi batafsil ma’lumotlarni respublika fuqarolari hamda chet ellik sayyohlarga taqdim etish maqsadida “Interaktiv muzey” loyihasini yo‘lga qo‘yish belgilangan edi.
Loyiha muzeylarga tashrif vaqtini masofadan turib buyurtma qilish, berilgan taklif va e’tirozlarini jamlash kabi vazifalarni ham bajarish reja qilingan.
Factchecknet.uz ushbu vazifa ijrosini o‘rgandi.
HUKM: BAJARILGAN
Prezidentning 2022-yil 22-avgustdagi “2022–2023-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-357-son qarorining 2-ilovasi bilan tasdiqlangan “2022-2023-yillarda davlat boshqaruvini raqamlashtirish boʻyicha ustuvor loyihalar roʻyxati”ning 39-bandi ushbu vazifaning huquqiy asosi sanaladi. Raqamli hukumatning axborot tizimlari va resurslari yagona reyestrida bu haqida batafsil ma’lumot keltirilgan.
Loyihaning yakunlanish muddati sifatida 2023-yil 30-noyabr sanasi keltirilgan. Ijro Madaniyat vazirligi zimmasiga yuklatilgan. Loyiha konsepsiyasi 2023-yil iyun, texnik topshiriq avgust oyida imzolangan.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu loyiha ijrosi sifatida http://museums.uz veb-sayti va mobil ilovasi yaratilgan. Shuningdek, saytda tashrifni masofadan belgilash funksiyasi ham mavjud.
Biroq, e’tirozga sabab bo‘ladigan jihati shuki, veb-saytda muzeylar haqida ma’lumot beruvchi maqolalar uchun tanlangan fotolar sifati o‘ta past darajada.
Shuningdek, muzeylarning ish vaqti va unga yetib olish uchun transportlar haqidagi qismda bir qancha muzeylarda “1 85 19 51 21 67” sonlari uchraydi. Turli viloyatlardagi turli muzeylarga olib boruvchi jamoat transportlari raqamlari nega aynan bir xil ko‘rsatilgan, degan savolga javobni uzoq izlashga hojat bo‘lmasa kerak: copy-paste.
Manba: https://factchecknet.uz/2024/04/08/interaktiv-muzey-loyihasi-amalga-oshirildimi/