TinEye — bu suratlar tarixini qidirish mexanizmi. Siz rasmni TinEyeʼga yuborasiz va uning kelib chiqishi, undan qanday foydalanilayotgani, uning oʻzgartirilgan versiyalari bor yoki yoʻqligini bilib olishingiz yohud uning yuqori sifatli versiyalarini topishingiz mumkin. TinEye kalit soʻzlar, metamaʼlumotlar yoki suv belgilaridan emas, balki tasvirni aniqlash texnologiyasidan foydalanadi. Bugungi kunda TinEye indeksida 45,9 milliarddan ortiq tasvir mavjud.
TinEyeʼdan foydalanish bepul. Kengaytmalar Firefox, Chrome, Edge va Operaʼning soʻnggi barqaror tuzilmalari bilan ishlaydi.
TinEye qanday ishlaydi?
Tasvirni tekshirish uchun uni kompyuteringiz yoki mobil qurilmangizdan yuklash tugmasi yordamida yuklang.
URL boʻyicha qidirish uchun rasmning URL manzilini qidirish maydoniga nusxalash va joylashtirish kifoya. Shuningdek, siz tasvirni brauzer yorligʻidan koʻchirib olib, TinEye ochilgan brauzer yorligʻiga tushirishingiz mumkin.
Nima uchun TinEyeʼdan foydalanish kerak?
TinEye yordamida rasm qayerdan olinganligini aniqlash yoki u haqida qoʻshimcha maʼlumot olish, Internetda tasvirning paydo boʻlish tarixini tadqiq qilish yoki kuzatish mumkin.
Rasmni yuklash orqali boshqa tasvirlarni, yaʼni unga oʻxshash, yangi yoki eng eski versiyalarini topishingiz mumkin.
Shuningdek, servis tasvirning asl manbasini topish imkonini beradi. TinEyeʼdan foydalanib, maʼlum bir rasmni sanasi boʻyicha birinchi boʻlib kim joylashtirganini bilib olishingiz mumkin.
Bundan tashqari, servisdan foydalanib:
– tasvirning yuqori aniqlikdagi versiyalarini topishingiz;
– ushbu rasm ishlatilayotgan veb-sahifalarni aniqlashingiz;
– tasvirning oʻzgartirilgan yoki tahrirlangan versiyalarini topishingiz;
– tasvirning haqiqiyligini inkor etishingiz;
– manba atributi boʻyicha yordam olishingiz mumkin.
Manba havolasi: https://factchecknet.uz/2023/10/28/tineye-yoki-suratlar-tarixi-qidiruvi/