Kompyuter viruslari: mutlaqo ziyonsiz ko‘rinishdan eng xavfli tusga kirish tarixi
16.02.2022 • 13:16Kompyuter viruslarining paydo bo‘lish tarixi deyarli 40 oldinga borib taqaladi. Eng birinchi viruslardan biri Apple kompyuteri uchun yaratilgan edi (biroq, oqibatda, u baribir “olmali” ShK (shaxsiy kompyuter) larning yoppasiga kasallanishiga olib kelmadi). Bu voqea 1981 yilda sodir bo‘ldi, “tashabbuskor”ning nomi esa Elk Cloner (erkin tarjima qilinganda “los/bug‘ularni klonlovchi”) edi.
Elk Cloner kompyuterlarni disketadan zararlar edi: zararlangan disketadan yuklangach, tizim virusning nusxasini ishga tushirar edi. Bu kompyuterning ishlashiga hech qanday jiddiy ta'sir ko‘rsatmas edi, chunki u amerikalik maktab o‘quvchisi Richard Skrenta tomonidan shunchaki o‘yin-kulgi uchun yozilgan edi.
MS DOS operasion tizimi boshqaruvi ostida ishlaydigan ShKlar uchun birinchi keng tarqalgan virus 1986 yilda paydo bo‘lgan va u Brain (ingliz tilidan “miya” deb tarjima qilinadi) deb nomlangan. Aslida, ushbu virusni ishlab chiquvchilar – pokistonlik aka-uka Faruk Alvilar insonlarga ziyon yetkazishni maqsad qilmaganlar: ular o‘zlari yozgan tibbiy dasturni lisenziyasiz nusxa ko‘chirishdan himoya qilish uchun Brain deb yozganlar.
Birinchi kompyuter virusi epidemiyalaridan biri uzoq 1988 yilda, “buyuk qurt” yoki uni yaratgan inson Robert Morris sharafiga “Morris qurti” deb atalgan virus AQShda Arpanet tarmog‘ida izg‘ib yura boshlaganida sodir bo‘lgan. Parollarni saralab olar ekan, ushbu qurt tarmoq foydalanuvchilarining kompyuterlarini o‘z nusxalari bilan to‘ldirib tashlab, shu tariqa 6 mingga yaqin shaxsiy kompyuterlarni yuqishga muvaffaq bo‘ldi hamda taxminan 100 million dollarga yaqin miqdorda ziyon keltirdi – bu o‘sha vaqtlarda, ayniqsa kompyuter dasturi uchun, juda katta miqdor edi. Virusni yaratuvchi o‘z ixtiyori bilan bariga iqror bo‘ldi, shuning uchun u 3 yil muddatga shartli qamoq jazosini olib, katta miqdorda jarimaga tortildi va jamoat ishlariga jalb qilindi. Bu kompyuter firibgarligi uchun belgilangan birinchi jazo edi. Aslida, Morris qurti epidemiyasi kompyuter xavfsizligi uchun anchayin katta xizmat qildi – aynan “buyuk qurt” hujumidan keyin kompyuterchilar noto‘g‘ri parol kiritilgandan keyin tanaffus qilish yaxshi fikr degan to‘xtamga kelishdi.
1983 yil amerikalik olim Fred Koen (Fred Cohen) o‘zining o‘zi ishga tushadigan kompyuter dasturlarini o‘rganishga bag‘ishlangan dissertasiya ishida ilk marotaba “kompyuter virusi” atamasini kiritdi.
Dunyoda viruslarning ko‘plab turlari mavjud bo‘lib, ular orasida eng taniqlilari quyidagilar:
● Worms yoki qurtlar
● Trojans yoki troyanchilar
● Rootkits yoki niqoblanuvchilar
● Zombies yoki zombilar
● Spyware yoki josuslar
● Adware youi reklama viruslari
● Winlocks yoki bloklovchilar
● Bootkits yoki yuklovchi viruslar va h.k.
Xo‘sh, qaysi virusni eng xavfli deb hisoblash mumkin? Foydalanuvchi nuqtai nazaridan, bu unga maksimal darajada ziyon yetkazadigan virusdir. Axborot xavfsizligi nuqtai nazaridan esa, bu siz hali aniqlay olmagan virus.
Biz esa, o‘z navbatida, sizga hatto “juda qattiq xohlasangiz ham” shubhali saytlarga kirmaslikni, reklamani bloklovchi dasturlardan foydalanishni, bannerlar va havolalarni o‘ylamasdan bosish odatidan voz kechishni, muhim hujjatlarni muntazam ravishda zahira nusxalarini yaratib qo‘yishni va ishonchli virusga qarshi va josuslarga qarshi dasturlarning mavjudligi haqida g‘amxo‘rlik qilib qo‘yishni tavsiya qilamiz.
Manbalar: