2021-yil 1-iyunda oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarida ballar to‘plagan shaxslar haqida ochiq ma’lumotlar bo‘lishini nazarda tutuvchi yagona elektron reestr yaratiladi. Bu «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» Davlat dasturida nazarda tutilgan.
Oliy o‘quv yurtlarida byudjet o‘rinlari ko‘payadi
Oliy ta’lim uchun davlat grantlari soni 25 foizga va ehtiyojmand oilalarning farzandlari bo‘lgan qizlar uchun davlat grantlari soni 2 baravarga oshiriladi. Bundan tashqari, xususiy oliy o‘quv yurtlariga metaxassislar tayyorlash uchun davlat grantlari ajratish tizimi yaratiladi.
Prezident granti
2021/2022-o‘quv yilidan boshlab, oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yoshlar uchun president granti joriy etiladi.
Ta’lim uchun imtiyozli kreditlar
Ikki va undan ortiq farzandi oliy o‘quv yurtlarida kontrakt asosida ta’lim olayotgan oilalar uchun o‘qishni bitirganidan keyin qaytariladigan imtiyozli ta’lim kreditlari ajratiladi.
Xorijda ta’lim olish
2021-yil 1-apreldan “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali xorijning nufuzli oliy o‘quv yurtlarining magistratura va doktoranturasida o‘qish uchun yuboriladigan yoshlar soni 5 baravar oshiriladi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi hisobidan xorijiy bakalavriat ta’lim dasturlari bo‘yicha tizim joriy etiladi hamda 2021-yilda xorijda o‘qish uchun 100 nafar yoshlar yuboriladi.