
O‘zbekiston Qirg‘izistondagi vaziyat yuzasidan tashvish bildirib, chegarada harakatlanishni chekladi
07.10.2020 • 08:48O‘zbekiston hukumati Qirg‘izistondagi vaziyat yuzasidan tashvishda ekanini ma’lum qildi. Tashqi ishlar vazirligi o‘zining 6-oktabrdagi bayonotida https://mfa.uz/ru/press/news/2020/10/24785/ voqealar rivojidan tashvishda ekanini qayd etgan.
“O‘zbekiston eng yaqin qo‘shni va strategik sherik sifatida qardosh Qirg‘izistondagi vaziyat mamlakat Konstitutsiyasi va milliy qonunchiligi talablari asosida tez orada barqarorlashadi, deb umid qiladi”, - deyiladi bayonotda.
“Ushbu murakkab damlarda O‘zbekiston ko‘p asrlik tarixiy va qon-qarindoshlik rishtalari, umumiy madaniy va ma’naviy qadriyatlar bilan mustahkam bog‘langan qardosh qirg‘iz xalqiga har tomonlama yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor”.
O‘zbekiston shu kunning o‘zida Qirg‘iziston fuqarolarining o‘z hududiga kirishiga cheklov o‘rnatdi. Shu bilan birga, ayni paytda O‘zbekistonda bo‘lib turgan Qirg‘iziston fuqarolari mamlakatdan chiqib ketishlari, Qirg‘iziston hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari O‘zbekistonga kirishlari mumkin. Ammo cheklovlar yuklarni tashishga joriy etilmaydi.