Odamlar ko‘pincha ishongan tushunchalarini tasdiqlovchi ma’lumotlarni qidirib, qabul qilishga moyil bo‘lishadi. Bu holat “Confirmation bias” yoki “Tasdiqlash xatosi” deb nomlanadi. Bu hodisa yangiliklarni qabul qilish va ijtimoiy tarmoqlarda muloqot qilish jarayonida ham ko‘p kuzatiladi.
Masalan, gazeta, televideniye yoki internet saytlarida ham tasdiqlash xatosi uchraydi. Ba’zi yangilik manbalari o‘zlari yoqtirgan yoki qo‘llab-quvvatlagan g‘oyalar, siyosatchi va partiyalar haqida faqat yaxshi xabarlarni yozadi yoki ko‘rsatishga harakat qiladi. Yoki aksincha, ular yoqtirmagan siyosatchi va partiyalar haqida faqat salbiy xabarlarni berib borishadi. Bu esa odamlar o‘zlari ishongan tushunchalarni tasdiqlovchi axborotni eshitishlariga va boshqa fikrlarni qabul qilmasliklariga olib keladi. Natijada, jamiyat turli guruhlarga bo‘linib, kelishmovchiliklar kuchayishi mumkin.
Kiberxavfsizlik sohasiga ham tasdiqlash xatosi jiddiy ta’sir qiladi. Masalan, agar axborot xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis biror xavfni arzimas deb hisoblasa, u faqat shu fikrni tasdiqlovchi ma’lumotlarga e’tibor beradi va boshqa ma’lumotlarni e’tiborsiz qoldiradi. Natijada, u xavfni noto‘g‘ri baholab, yetarlicha himoya choralarini ko‘rmasligi mumkin. Bu esa tizimning zaiflashishiga va kiberhujumlarga nisbatan himoyasiz bo‘lib qolishiga olib keladi.
Qanday qilib tasqidlash xatosidan himoyalanish mumkin?
Tasdiqlash xatosiga qarshi kurashish uchun media tahririyatlari va kiberxavfsizlik bo‘limlari turli manbalardan keladigan ma’lumotlarni xolis baholashni ta’minlashlari kerak. Bu jarayonni standartlashtirish va turli qarashlarni hisobga olish orqali amalga oshirish mumkin. Ya’ni, tahlilchilar turli xil manbalardan ma’lumotlarni to‘plashlari va qarama-qarshi fikrga ega ekspertlarning fikrlarini inobatga olishlari kerak. OAV ham voqealarni turli nuqtai nazardan yoritishga harakat qilishlari va turli xil manbalar bilan aloqa o‘rnatishlari muhim.
Shuningdek, auditoriyaga media savodxonligi bo‘yicha ta’lim berish, ularga turli manbalardan keladigan axborotga tanqidiy-tahliliy nazar bilan qarashni o‘rgatish zarur. Bu usullar jamiyatda kengroq qarashlarni shakllantirishga va kiberxavfsizlik tahdidlarini to‘g‘ri baholashga yordam beradi.
O‘qish uchun qo‘shimcha manbalar:
- Confirmation bias in journalism: What it is and strategies to avoid it?
- What is Confirmation Bias? – Fake News/Misinformation/Disinformation – Research Subject Guides at Northeastern University
- Don’t let confirmation bias narrow your perspective
- Fake news or real? or how to become media savvy: Confirmation bias
- Filter Bubbles and Confirmation Bias – Fake News & Digital Media Literacy – LibGuides at Central Methodist Universit