2024-yilda Baltimorda o‘tkazilgan data-jurnalistika bo‘yicha “NICAR” konferensiyasida Reportyorlar va tahrirchi-surishtiruvchilar tashkiloti (IRE) tomonidan data-jurnalistlar uchun ko‘plab innovatsion resurslar va instrumentlar taqdim etildi. GIJN (Global Investigative Journalism Network) “NICAR24”da qilgan ma’ruzalarga asoslanib, turli mamlakatlar jurnalistlari uchun foydali maslahatlar va ma’lumotlar bazalarini to‘pladi.
Ushbu maqolada biz faktlarni tekshirish, ma’lumotlar tayyorlash va jurnalistlar xavfsizligini ta’minlash uchun eng ilg‘or va bepul vositalar haqida ma’lumot beramiz. Ushbu vositalar “NICAR” sammitida katta qiziqish uyg‘otdi va deyarli har qanday mamlakat jurnalistlari uchun foydali bo‘lishi mumkin.
Tasvirni tez tahlil qilish uchun Google’ning yangi instrumentlari;
About This image. Ushbu yangi funksiya jurnalistlarga tasvir tarixini darhol tekshirishga yordam beradi. Google Images’da tasvirni toping, uni bosing va keyin yuqori o‘ng burchakdagi uchta nuqtani bosing va ochiladigan menyuda “About this image” (“Bu tasvir haqida”) bandini tanlang. Ushbu vosita izlangan yoki shunga o‘xshash tasvir qancha vaqt davomida indekslanganligini ko‘rsatadi, bu eski tasvirni yangi deb ko‘rsatishga urinishlarni fosh qilishga yordam beradi. Ba’zan meta-ma’lumotlardan foydali ma’lumotlarni, jumladan, AI yordamida qilingan o‘zgarishlarni ko‘rish imkoniyati ham taqdim etiladi.
Image Search Beta va Google Image Context. Jurnalistlar yangi vositaga kirish uchun oddiy formani to‘ldirishi kerak. Ushbu vosita yuklangan tasvir bilan bog‘liq barcha faktlarni tekshiradi. Image Search Beta’ning eng kuchli funksiyasi bu Image Context bo‘lib, bu tasvir Google’da birinchi marta qachon indekslanganligini va uning kelib chiqishi haqida boshqa tafsilotlarni bilish imkonini beradi.
Dangerzone PDF-fayllardan zararli dasturlarni olib tashlaydi. Jurnalistlar elektron shaklda axborotni yuklab olganda, zararli dasturlar ham qo‘shilib yuklanishi mumkin. Dangerzone — bu ochiq kodli vosita bo‘lib, “Freyedom of the Press Foundation” tomonidan ishlab chiqilgan. Bir marta bosish orqali yuklangan fayldagi xavfli tarkibni olib tashlaydi va natijani xavfsiz PDF formatiga aylantiradi.
AI “Perplexity” ma’lumotnoma xizmati. Perplexity.ai jurnalistlarga yangi murakkab mavzular bilan tanishishda yordam beradigan yangi qidiruv tizimidir. Ushbu tizim murakkab savollarga qisqacha javoblar beradi, mualliflik manbalarini ro‘yxatlaydi va qo‘shimcha savollarni taklif qiladi.
PrivacyPartyApp himoyasi. Block Party tomonidan yaratilgan “PrivacyParty” ilovasi sizning sozlamalaringizni skanerlab, tavsiyalar beradi. Ushbu xizmatdan foydalanish uchun hisob yaratish, brauzer kengaytmalarini yuklab olish va platformalarni tanlash kerak. “PrivacyParty” hozirda bepul va beta-versiyada.
Manba https://factchecknet.uz/2024/08/07/onlayn-surishtiruvlar-uchun-bepul-instrumentlar/