“NASA yerni muz bilan sovutishni rejalashtiryaptimi” deb yozyapti Factcheck.kz
5-mart kuni Instagramda (to‘g‘ridan-to‘g‘ri havola, arxivlangan havola) NASAning sayyorani muz bilan sovutish rejalari aks etgan videotasvir tarqaldi. “Do‘stlar, NASAning so‘nggi yangiliklarini eshitdingizmi? Ular endi atmosferamizni geoinjeneriya qilish, uglerod chiqindilarini kamaytirish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish uchun har hafta atmosferamizning yuqori qatlamlariga ikki tonnadan ortiq muzni to‘kish rejasini ilgari surishmoqda”, – deyiladi videoning boshida.
“USA Today” faktchekerlari bu da’volarni tekshirdi.
HUKM: MANIPULYATSIYA
Ular iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish uchun stratosferada muz hosil qilish g‘oyasi faqat faraziy tarzda muhokama qilinganligini aniqladilar. Xabar NASAga aloqador bo‘lmagan Milliy okean va atmosfera ma’muriyati (NOAA) hujjatiga ishora qiladi va bu hujjat faqat g‘oyaning nazariy jihatdan qanday ishlashini tushuntiradi.
NOAA tadqiqotchilari fevral oyida tropopauza yaqinida va stratosferada suv bug‘ining konsentratsiyasini kamaytirish uchun “muz hosil qiluvchi zarrachalarni maqsadli inyeksiya qilish” g‘oyasini o‘rganuvchi maqola chop etishdi. “Bu faqat tadqiqot matni, NASA stratosferaga muz kiritishni rejalashtirmayapti”, – deydi NASA matbuot kotibi Liz Vlok elektron pochta orqali, – bir agentlikning nazariyasi boshqasining javobini anglatmaydi”.
NOAA hujjati e’lonida AQSh kosmik agentligi sherik sifatida emas, balki faqat ma’lumotlar manbai sifatida tilga olinadi. NOAA vakili Teo Shtaynning so‘zlariga ko‘ra, maqola “stratosferadagi suv bug‘lari miqdorini kamaytirish orqali global isishni bostirish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan” taxminiy jarayonni o‘rganadi. Nazariy jihatdan, bu jarayon atmosferaga ko‘proq issiqlik chiqishiga imkon beradi, ammo hujjatda aytilishicha, bu uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatmaydi. Maqolada, shuningdek, ko‘plab javobsiz savollar, jumladan, texnik imkoniyatlar, narx va ehtimoliy kutilmagan oqibatlar qayd etilgan. “Ushbu g‘oyani amalga oshirish rejasi yo‘q”, – deydi Stein elektron pochta orqali.
Manba: https://factcheck.kz/novosti/planiruet-li-nasa-ohlazhdat-zemlyu-s-pomoschyu-lda-proverka-usa-today/
Faktchekerlar hamjamiyatiga qo‘shiling.
Dilbar Elamanova tarjimasi