Дождитесь окончания загрузки
Модальное окно "Дорогой друг, прими участие в опросе"
preview Orqaga

“Hamster Kombat”ni o‘ynaganlar 15 sutkaga qamaladimi?

27.06.2024 • 07:35

Ijtimoiy tarmoqlarda Notcoin sotgani uchun yoki kriptovalyuta oldi-sotdisi bilan shugʻullangani sabab qamalibdi, jarimaga tortilibdi degan xabarlar tez-tez e’lon qilinmoqda. Aynan shu xabarlar fonida nomi barchaga tanish bo‘lgan Hamster Kombat o‘yini bilan bogʻliq shov-shuvli xabarlar ham tarqaldi (123). Unda aytilishicha, endilikda O‘zbekistonda Hamster Kombat o‘yinining foydalanuvchilari 15 sutkaga hibsga olinishi mumkin ekan. Rossiyadagi yirik internet nashri Lenta.ru ham shu xabarni e’lon qilgan. Factchecknet.uz Hamster Kombat kabi trend o‘yinni o‘ynaganlik uchun O‘zbekiston qonunchiligida qanday javobgarlik borligini o‘rganib chiqdi.

 

HUKM: YOLG´ON

Hamster Kombat o‘ynash uchun jazo bormi?

Yo‘q, O‘zbekiston qonunchiligida Hamster Kombat o‘yinini o‘ynash uchun hech qanday jazo belgilanmagan. MJtKda ham, Jinoyat Kodeksida bu o‘yinni o‘ynaganlik uchun jazo chorasi nazarda tutilmagan. 

Hozirgi kunda Hamster Kombat o‘yinida tokenlarni birjada ro‘yxatdan o‘tkazish funksiyasi mavjud emas. o‘yin to‘xtab, tokenlar kriptovalyuta sifatida savdoga chiqarilmaganligi sababli, ularni birjada ro‘yxatdan o‘tkazish o‘z-o‘zidan imkonsiz.

Shuningdek, O‘zbekistonda faoliyatiga ruxsat berilgan kriptobirjalarda savdo qilish qonuniy hisoblanadi. Ammo bu kriptobirjalar ro‘yxati cheklangan va ularning barchasi O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan yuridik shaxslar bo‘lishi kerak. PQ-3832-sonli Prezident qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslari kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash bo‘yicha operatsiyalarni faqat milliy provayderlar orqali qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiradi.

O‘zbekistonda kriptovalyutaga oid qonunchilik

O‘zbekistonda 2021-yildan boshlab kriptovalyutalar bilan savdo qilishga ruxsat berilgan, ammo bu faqatgina Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA)  tomonidan litsenziyalangan kriptobirjalarda amalga oshirilishi mumkin. Litsenziyasiz kriptovalyutalar bilan savdo qilish qonunga xilof hisoblanadi. 

Kriptovalyuta oldi-sotdisini amalga oshiradigan har qanday platforma, ya’ni kriptobirja quyidagi talablarga javob berishi shart:

  1. Yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lishi;
  2. O‘zbekiston rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi;
  3. Faoliyat yuritish uchun zarur bo‘lgan litsenziyani olgan bo‘lishi.

Litsenziyalangan kriptobirjalar ro‘yxati bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin.

Mazkur talablarga rioya qilmagan kriptobirjalarga nisbatan qonuniy choralar ko‘riladi. Misol uchun, Binance xalqaro kriptobirjasi O‘zbekistonda litsenziyaga ega bo‘lmagani uchun faoliyati noqonuniy deb topilgan, unga nisbatan O‘zbekistonda 300 BHM miqdorida jarima belgilanib, sud ishlari davom etmoqda. 

Qanday holatlarda javobgarlikka tortish mumkin?

Siz litsenziyasiz kriptobirjalarda (masalan, Binance) yoki boshqa noqonuniy platformalarda kriptovalyuta sotib olsangiz yoki sotsangiz, qonunchilikni buzgan hisoblanasiz. Joriy yilning boshida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, 155−4-modda (Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) 1-qismi kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash, belgilangan tartibda litsenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirishni nazarda tutadi. Unga ko‘ra, huquqbuzarga 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi yoki BHMning 20 dan 30 baravarigacha jarima to‘lash jazosi beriladi.

Bu qonun amaliyotiga misol: 2024-yil boshidan beri O‘zbekistonda kamida 12 nafar shaxs Binance platformasida noqonuniy kriptovalyuta savdosi bilan shugʻullangani uchun javobgarlikka tortilgan. Ularga nisbatan 3 sutkadan 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi yoki 6,8 million so‘m jarima qo‘llanilgan.

Hamster Kombat qanday o‘yin? 

Hamster Kombat – bu 2024-yil may oyida paydo bo‘lgan va Telegram messenjeri orqali ishlaydigan o‘yin. o‘yinning asosiy sharti – ekranga chiquvchi hamster (sichqon) rasmi ustiga bosasiz, shundan so‘ng har bir teginish uchun tangalar (tokenlar) hisobingizga yozila boshlaydi. Yigʻilgan tangalar evaziga o‘yin ichidagi quvvatlarni oshirish  mumkin. Oson o‘yin tarzi va kriptovalyuta bilan bogʻliq va’dalari tufayli bu o‘yin, ayniqsa, yoshlar orasida katta qiziqish uygʻotdi. 

Unda qanday qilib pul ishlanadi?

Hamster Kombat o‘yinidan to‘gʻridan-to‘gʻri pul ishlash imkoniyati yo‘q. Hamster Kombat o‘yini qachongacha o‘ynalishi va uning tokenlari qachon birja listingidan o‘tib (rasman ro‘yxatga olinib, platformada sotilishi va sotib olinishi mumkinligi) sotuvga chiqarilishi haqida ham rasmiy ma’lumotlar hozircha yo‘q. o‘yin ijtimoiy tarmoqlarda tez tarqaldi va hozirda ham faol o‘ynalmoqda.

O‘yin yaratuvchilari dastlab o‘yindagi tokenlarni haqiqiy kriptovalyutaga aylantirish va birjada listing qilish imkoniyatini va’da qilishgan edi. Ammo, hozircha bu va’da amalga oshgani yo‘q va o‘yinning kelajakdagi rejalari noma’lumligicha qolmoqda.

Shuni ta’kidlash kerakki, agar o‘yin tokenlari kelajakda biror birjada listingdan o‘tsa ham, ularni faqat O‘zbekistonda litsenziyaga ega bo‘lgan kriptobirjalarda sotish mumkin bo‘ladi.

Xulosa

Hamster Kombat o‘yinining o‘zi qonuniydir, lekin kelajakda o‘yindagi tokenlarni noqonuniy ravishda kriptovalyutaga aylantirib, sotishga urinmaslik kerak. O‘zbekistonda kriptovalyuta bilan savdo qilish faqatgina litsenziyaga ega kriptobirjalarda amalga oshirilishi mumkin.

 

Manba: https://factchecknet.uz/2024/06/20/hamster-kombatni-oynaganlar-15-sutkaga-qamaladimi/

Ushbu axborot-ma'rifiy platforma Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi yoshlari uchun mo‘ljallangan.

Platforma sherik-davlatlar qonunchiligi talablarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Platformada ishlatilgan barcha misollar faqat ta'lim maqsadida keltirilgan va hech qanday noqonuniy niyatlarni ko‘zlamaydi. Platformadan foydalangan holda siz uni tushunganingizni va yuqorida ko‘rsatilgan maqsad va vazifalarga roziligingizni tasdiqlaysiz.