Dunyodagi eng katta reklama kompaniyasining bosh direktori dipfeyk firibgarlik hujumiga uchradi
23.05.2024 • 07:01Firibgarlar WPP bosh direktorining soxta WhatsApp akkaunti, ovoz kloni va virtual uchrashuvda ishlatilgan YouTube tasvirlari orqali hujum uyushtirishgan.
Dunyodagi eng katta reklama guruhining rahbari sun’iy intellekt ovoz klonidan foydalangan holda amalga oshirilgan murakkab dipfeyk firibgarlik hujumiga uchradi. WPP bosh direktori Mark Read yaqinda kompaniya rahbariyatiga yuborgan elektron pochta xabarida firibgarlik haqida batafsil ma’lumot berib, boshqalarni yuqori lavozimli rahbarlardan kelganligini da’vo qiluvchi qo‘ng‘iroqlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.
Firibgarlar Readning jamoatchilikka ochiq rasmini ishlatib, WhatsApp akkaunti yaratishgan va Microsoft Teams uchrashuvini tashkil qilishgan, deydi Guardian tomonidan olingan elektron pochta. Uchrashuv davomida firibgarlar rahbarning ovoz klonidan va uning YouTube tasvirlaridan foydalanishgan. Firibgarlar uchrashuv chat oynasi orqali Read nomidan ishtirok etishgan. Muvaffaqiyasiz bo‘lgan firibgarlik “agentlik rahbari”ni nishonga olgan, undan yangi biznes tashkil qilishni so‘rab, pul va shaxsiy ma’lumotlarni olishga urinishgan.
“Yaxshiyamki, hujumchilar muvaffaqiyatga erisha olmadilar”, deb yozdi Read elektron pochta xabarida. “Barchamiz virtual uchrashuvlar, sun’iy intellekt va dipfeyk texnologiyalaridan foydalanishga doir usullarga nisbatan hushyor bo‘lishimiz kerak”.
WPP vakili phishing urinish muvaffaqiyasiz yakunlanganini tasdiqladi: “Xodimlarimiz, jumladan, tegishli rahbarning hushyorligi tufayli, hodisaning oldi olindi”. WPP hujum qachon sodir bo‘lganini yoki unda Readdan tashqari qaysi rahbarlar “ishtirok etganini” aniqlash uchun berilgan savollarga javob bermadi.
Avval onlayn tahqirlash, pornografiya va siyosiy dezinformatsiya bilan bog‘liq bo‘lgan dipfeyk hujumlari soni o‘tgan yili korporativ dunyoda ko‘paydi. Sun’iy intellekt ovoz klonlari banklarni chuv tushirgan, moliyaviy firmalardan millionlab dollarni aldab olishgan va kiberxavfsizlik bo‘limlarini ogoh qilib qo‘ygan. Hujumchilar hozirda haqiqiy korporativ aloqa va rahbarlarni taqlid qilish uchun foydalanadigan ko‘plab vositalarga ega ekanligini ko‘rsatmoqda.
“Biz kiberhujumlardagi murakkablikning ortishini ko‘ryapmiz, ayniqsa yuqori lavozimli rahbarlarga nisbatan”, deb yozadi Read elektron pochta xabarida. Read elektron pochta xabarida pasportlar, pul o‘tkazmalari va “hech kim bilmaydigan maxfiy tazda sotib olish, tranzaksiya yoki to‘lov” haqida so‘rovlar kabi ogohlantirish belgilari sifatida e’tibor berilishi kerak bo‘lgan bir qator jihatlarni sanagan. “Akkauntda mening rasmlarim borligi uning men ekanimni anglatmaydi”, deb yozdi Read elektron pochta xabarida.
Bozorda taxminan 11,3 milliard dollarlik kapitalizatsiyaga ega bo‘lgan WPP o’z veb-saytida brend nomidan foydalangan soxta saytlarga qarshi kurashayotgani haqida ham bayon etdi va firibgarlikni to‘xtatish uchun tegishli organlar bilan ishlayotganini ma’lum qildi.
Ko‘plab kompaniyalar generativ AI ta’sirining keskin o‘sishiga, resurslarini bu texnologiyaga yo‘naltirish bilan birga uning potensial zararlariga ham duch kelishmoqda.
O‘tgan yili WPP Nvidia chip ishlab chiqaruvchisi bilan hamkorlik qilib, generativ AI bilan reklama yaratishni boshlashini e’lon qilib, buni sanoatdagi katta o‘zgarish deb atagan edi. “Generativ AI marketing dunyosini misli ko‘rilmagan tezlikda o‘zgartirmoqda. Ushbu yangi texnologiya brendlarning tijorat maqsadlari uchun kontent yaratish usulini o‘zgartiradi”, dedi Read o‘tgan yil may oyida bergan bayonotida.
So‘nggi yillarda past narxli audio dipfeyk texnologiyasi keng tarqaldi va ancha samarali bo‘ldi. Ba’zi sun’iy intellekt modellari bir necha daqiqalik audio yozuvdan foydalanib, odamning ovozini realistik tarzda taqlid qilish imkonini beradi, bu orqali firibgarlar deyarli har qanday kishining manipulyasiyalangan yozuvlarini yaratish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Manba: https://www.theguardian.com/technology/article/2024/may/10/ceo-wpp-deepfake-scam
Faktchekerlar hamjamiyatiga qo’shiling.