Дождитесь окончания загрузки
Модальное окно "Дорогой друг, прими участие в опросе"
preview Orqaga

Frilanserlar – superqahramonlarmi yoki oddiy odamlar?

14.01.2025 • 09:48

Tasavvur qiling, siz tanlov erkinligiga ega bo‘lgan superqahramonsiz. Xohlasangiz – uyqudan turib kiyimlaringizni almashtirmay o‘tirib komiks chizasiz, xohlasangiz – sho‘rva tayyorlash bo‘yicha maqola yozasiz yoki videoroliklar suratga olasiz. Kundalik hayotda bunday “superqahramonlar” frilanserlar deb ataladi.

Frilansda siz kim bilan va qanday loyihalar ustida ishlashni o‘zingiz hal qilasiz. Go‘yoki do‘konda sevimli o‘yinchoq tanlayapsiz, shunchaki o‘yinchoqlar o‘rniga – loyihalar. O‘zingizga qulay vaqtda ishlash imkoniyatiga egasiz. Tunda yomg‘ir tovushini tinglab ishlamoqchimisiz? Marhamat! Kunduzmi? Muammo yo‘q. Eng muhimi – dedlaynlarni o‘tkazib yubormaslik. Har bir kun o‘zgacha bo‘lishi mumkin. Bugun kaktuslarni ko‘paytirish haqida matn yozsangiz, ertaga startap uchun logotip yaratishingiz mumkin.

Bu ish emas, ertakning o‘zginasi! Ammo o‘zining “lekin”lari ham bor. Xuddi Qlever o‘yinidagi Crimee Story qahramoni dalillarni izlaganidek, ba’zan mijozlarni qidirishga to‘g‘ri keladi, axir sizga hech kim vazifalar bermaydi va yo‘naltirmaydi, ish bilan o‘zingizni ta’minlashingiz kerak. Shuningdek, moliya va soliqlarni nazorat qilish kerak  – bu esa unchalik qiziqarli emas.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, dunyoda taxminan 1,2 milliard frilanser mavjud. Ularning ko‘pchiligi AQSH, Buyuk Britaniya, Braziliya va Pokiston kabi davlatlarda faoliyat yuritadi. Xususan, AQSHda 60 milliondan ortiq kishi frilans bilan shug‘ullanadi, bu esa mamlakat ishchi kuchi sonining taxminan uchdan bir qismini tashkil etadi.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda frilans ommalashib bormoqda va frilanserlar soni o‘sishda davom etmoqda. Bu mehnat bozoridagi o‘zgarishlar va masofadan turib ishlashga qiziqishning oshishi bilan bog‘liq.

Global frilans bozori 6,54 trillion dollarga baholanmoqda va 2025 yilga kelib uning hajmi 13,84 trillion dollarga yetishi kutilmoqda. Bu frilans jahon iqtisodiyotining tobora muhim qismiga aylanib borayotganinidan dalolatdir. 

Demak, frilans – bu vaqtinchalik tendensiya emas, balki mehnat bozoridagi muhim hodisa bo‘lib, u rivojlanmoqda hamda dunyo bo‘ylab ko‘plab odamlarni o‘ziga jalb qilmoqda.

O‘zbekistonda frilans 

O‘zbekistonda frilans faol rivojlanib, yoshlar orasida tobora ommalashib bormoqda. So‘nggi yillarda mamlakatning frilans bozoriga kirishga tayyorlik indeksi sezilarli darajada o‘sdi — 43,9dan 59,0gacha. Bu infratuzilmaning yaxshilanishi, internet foydalanuvchilari sonining ko‘payishi va internet xizmatlari narxining pasayishi bilan bog‘liq. Masalan, xalqaro ma’lumot uzatish tarmog‘i o‘tkazuvchanlik qobiliyati 74,7 baravar oshgan, masofadan turib bank xizmatlaridan foydalanuvchilar soni esa 20,2 baravar ko‘paygan.

O‘zbekistonda hozirda 50 mingdan ortiq o‘zini o‘zi band qilgan frilanserlar faoliyat yuritib, hukumat bu sohani qo‘llab-quvvatlash uchun qator chora-tadbirlar amalga oshirmoqda. Xususan, yosh frilanserlar IT-park rezidenti maqomini olishlari mumkin, bu ularga soliq imtiyozlari va turli ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini beradi. Shuningdek, yoshlarni talab yuqori bo‘lgan IT-ko‘nikmalarga o‘rgatishga qaratilgan “Bir million o‘zbek dasturchilari” dasturi mavjud.

O‘zbekistondagi frilanserlar uchun mashhur platformalar orasida Myfreelance.uz, Mohirlar.uz va Dowork.uzni qayd etish mumkin. Bu resurslar frilanserlarga buyurtmalar topish va turli sohalarda o‘z xizmatlarini taklif qilish imkonini beradi.

Shu tariqa O‘zbekistonda frilans o‘sish va rivojlanish istiqbollariga ega bo‘lib, yoshlarga xalqaro darajada daromad topish va o‘z ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyatini taqdim etmoqda.

Frilansda qaysi kasblar talabgir?

Frilanserlar orasida eng talabgir kasblardan biri bu grafik dizaynerlar va UX/UI mutaxassislaridir. Ular veb-saytlar va mobil ilovalar uchnu jozibador in yerfeyslar yaratadilar.

Veb-ilovalar, mobil ilovalar yaratuvchilari va sun’iy intellekt (AI) mutaxassislariga xam talab katta. Eng talabgir dasturlash tillari Python va JavaScript hisoblanadi.

Kopirayterlar ham frilans bozorida juda dolzarb. Ular veb-saytlar, bloglar va reklama materiallari uchun matnlar yaratadilar. Sifatli kontent yozish ko‘nikmasi brendlarni ommalashtirishda muhim rol o‘ynab, ushbu kasbni talabgir va ommabop qiladi.

Hozirda video — rilslar, videoroliklar, podkastlar, shortslar va hattoki filmlar va ijtimoiy tarmoqlar uchun turli shoular yaratish urf bo‘lib bormoqda. Shu sababli videomontaj va animatsiya bo‘yicha mutaxassislar ham yuqori talabga ega. Ular YouTube va boshqa platformalar uchun videolar bilan ishlaydilar. Video tayyor bo‘lgach, uni YouTube yoki Instagramga yuklashning o‘zi yetarli emas.  Uni imkon qadar ko‘proq kishi tomosha qilishi uchun uni ilgari surish kerakligi bois, targetologlar ham juda talabgir. Targetologlar bilan bir qatorda Facebook, Instagram kabi platformalar orqali brendlarning keng auditoriyaga yetib borishda yordam berayotgan ijtimoiy media (SMM) va kontekstli reklama (PPC) mutaxassislari ham frilans bozorida o‘z o‘rniga ega. 

Hozir sun’iy intellekt haqida gapirmaydigan odamning o‘zi qolmadi. Neyron tarmoqlar bilan ishlash ko‘nikmasi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Bu sohadagi mutaxassislar AI tizimlari bilan o‘zaro aloqalarni optimallashtiradilar, bu esa frilanserlar uchun yangi istiqbollarni ochadi.

Data-tahlilchilar — bular raqam va grafiklarning "ustalari". Ular dunyoning istalgan nuqtasidan turib ishlay oladi va ularga talabni turli sohalarda uchratish mumkin. Bu murakkab, qiziqarli va ayni paytda eng dolzarb kasblardan biri.

Data-tahlilchilari ma’lumotlarni yig‘ib, biznes qarorlarini qabul qilish uchun talqin qilib berishadi. Bu xizmatlar katta ma’lumotlar davrida alohida ahamiyat kasb etadi.

Agar siz raqamlar bilan emas, odamlar bilan ishlashni afzal ko‘rsangiz, u holda siz virtual yordamchi sifatida faoliyat yuritishingiz mumkin. Virtual yordamchilar biznes-mijozlar uchun ma’muriy vazifalarni bajaradilar, uchrashuvlarni rejalashtiradilar va ish jarayonlarini tashkil qilishga yordam beradilar.

Frilansda masofadan bajariladigan har qanday ish bilan shug‘ullanish mumkin. Masalan, Qlever o‘yinidagi “Moderatorka”da axborot bilan ishlash ko‘nikmalarini egallab, kanal yoki guruh moderatori bo‘lishingiz mumkin.

Frilans qanday paydo bo‘lgan?

Frilans — bu inson muayyan ish beruvchiga bog‘liq bo‘lmagan holda, mustaqil ravishda buyurtmalarni bajaradigan bandlik shaklidir. Frilanserlar bir vaqtning o‘zida bir nechta mijozlar bilan hamkorlik qilib, o‘z ish vaqti va ish sharoitlarini mustaqil tarzda tashkil etadilar. Bu ularga o‘zlariga qiziq bo‘lgan loyihalarni tanlash va ish shartlarini mustaqil ravishda belgilash imkoniyatini beradi. Biroq bunday erkinlik barcha bajarilgan ish sifatining yuqori darajada bo‘lishi va soliq masalalari yuzasidan to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga olishni taqozo etadi. 

"Frilanser" atamasi birinchi marta XIX asrning boshlarida paydo bo‘lgan va ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Valter Skottning "Ayvengo" romanida ilk bor qo‘llanilgan bo‘lib, muallif uni muayyan hukmdorga bog‘liq bo‘lmagan yollanma jangchilarni tasvirlash uchun qo‘llanilgan. "Freelance" so‘zma-so‘z tarjima qilinganda, "erkin nayzachi" degan ma’noni anglatib, mazkur kasbning mustaqilligini aks ettiradi.

Shu davrdan boshlab, ayniqsa, Internet paydo bo‘lganidan so‘ng, frilans rivojlanib bordi va masofadan ishlash uchun yangi imkoniyatlar ochildi.

Onlayn frilans platformalari

Erkin xodimlar hamma davrlarda ham bo‘lgan esa-da, so‘nggi o‘n yillikda frilans butun dunyo bo‘ylab mijozlarni topish imkonini beruvchi onlayn-platformalar va birjalar tufayli nihoyatda ommalashdi:

Upwork – dunyodagi eng yirik frilans platformalaridan biri. U dizayndan tortib dasturlashgacha bo‘lgan ko‘plab sohalarda loyihalarni topish imkonini beradi. Yangi frilanserlar uchun o‘quv materiallari va reyting tizimi mavjud.

Freelancer – istalgan sohada loyihalarni topish mumkin bo‘lgan mashhur platforma. Freelancerda yangi ishchilar uchun tanlovlarda ishtirok etish orqali o‘zlarini namoyon qilish imkoniyati mavjud.

Fiverr – bu yerda frilanserlar o‘z xizmatlarini $5 dan boshlab taklif qilishlari mumkin. Portfolio yaratish va kichik loyihalarda ishtirok etish uchun yaxshi tanlov.

Guru – IT va dizayn sohasida frilanserlarga o‘z narxlarini belgilashga imkon beradigan platforma.

PeoplePerHour – dizaynerlar, veb-ishlanmalar va marketologlarga mo‘ljallangan platforma. Loyihalarni geografiyaga ko‘ra filtrlash imkoniyatini taqdim etadi.

Toptal – texnologiyalar va moliya sohasidagi yuqori malakali mutaxassislar uchun ixtisoslashgan platforma. U eng yaxshi frilanserlarni tanlab oladi va yuqori haq to‘lanadigan ishlar bilan ta’minlaydi.

FlexJobs – bu yerda to‘liq ish vaqti, qisman bandlik yoki frilans uchun tekshirilgan ish o‘rinlari taklif etiladi. Barcha takliflar oldindan tekshiriladi.

Freelancermap – IT, dizayn va konsalting sohalarida frilanserlar uchun xalqaro platforma. Bu yerda juda ko‘plab loyihalar mavjud.

• Dribbble – dizaynerlar hamjamiyati. Bu yerda grafik va veb-dizayn bo‘yicha loyihalar topish va boshqa professionallar bilan muloqot qilish mumkin.

• Codementor – dasturchilar uchun platforma. U konsultatsiyalar va mijozlarga qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini taqdim etish orqali daromad olish imkonini beradi.

 

Frilans — bu mustaqil ishlash shakli bo‘lib, unda doimiy ish beruvchisi bo‘lmay, xodim turli mijozlar uchun topshiriqlarni bajaradi. Frilanserlar istalgan joydan turib, uyda, qahvaxona yoki sayohatda ishlashlari mumkin. Ularning boshlig‘i yo‘q, qanday loyihalarni olish va qaysi vaqtda ishlashni o‘zlari hal qiladilar. Ya’ni siz bir ayol yoki erkakka emas, balki o‘zingizga ishlaysiz. 

Odatda frilanserlar aniq vazifalar uchun pul oladilar. Masalan, dizayner logotip yaratadi va bu ish uchun muayyan miqdorda pul oladi. Ish boshlashdan oldin frilanserlar mijozlar bilan barcha jihatlarni kelishib olishadi: muddatlar, narx va topshiriqlar hajmi. Bu tushunmovchiliklarni bartaraf etishga yordam beradi. Va albatta, frilanserlar shartnomaga asosan ishlaydilar. Shartnomani har doim diqqat bilan o‘qish zarurligini eslatish, shart emas deb o‘ylaymiz. 

Frilansda shartnoma turlari

Frilansda frilanser va buyurtmachi o‘rtasidagi hamkorlik shartlarini aniq shakllantirishga yordam beruvchi bir necha tur shartnomalar mavjud. Quyida enn keng tarqalgan shartnomalar turlari keltirilgan:

Xizmat ko‘rsatish shartnomasi − bu frilanserlar uchun eng keng tarqalgan shartnomalardan biri. U muayyan xizmatlarni ko‘rsatish (masalan, maslahat berish, o‘qitish yoki aniq vazifalarni bajarish)ni tartibga soladi. Unda odatda xizmatlar tavsifi, bajarish muddatlari, narx va to‘lov shartlari ko‘rsatiladi.

Pudrat shartnomasi − bunda frilanser aniq bir ishni bajarish va uning natijasini topshirish majburiyatini oladi. Bu turdagi shartnoma ko‘pincha qurilish, dasturiy ta’minot ishlab chiqish va boshqa sohalarda qo‘llaniladi. Unda ish tavsifi, bajarish muddatlari va sifat kafolatlari ko‘rsatiladi.

Mualliflik buyurtmasi shartnomasi − ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi frilanserlar uchun mos. Masalan, matnlar yozish, dizayn yaratish yoki dastur ishlab chiqish. Shartnomada yaratilayotgan mahsulotning tavsifi, bajarish muddatlari va yaratilgan mahsulotga bo‘lgan huquqlar ko‘rsatiladi.

Lisenzion shartnoma — frilanser o‘zining intellektual mahsulotlarini, masalan, dasturiy ta’minot yoki matnlarini buyurtmachiga foydalanish huquqini taqdim etganda qo‘llaniladi. Bu shartnomada mahsulotdan foydalanish shartlari va lisenziya muddati ko‘rsatiladi.

Umumiy  shartnoma — bu hamkorlikning barcha asosiy shartlarini o‘z ichiga olishi mumkin bo‘lgan umumiy turdagi kelishuv. Aniq vazifalar ushbu shartnomaga ilovalar yoki buyurtmalar ko‘rinishida rasmiylashtirilishi mumkin.

Frilanserning bir kuni

Keling, frilanserning bir kunlik hayotini tasavvur qilaylik. Tongda uyg‘onadi. Odatda, chamasi sakkizlarda turib, choy yoki qahva damlab, biroz harakat qiladi — masalan, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanadi yoki meditatsiya qiladi va shu tariqa o‘zini samarali kunga sozlaydi.

Shundan so‘ng ish stoliga o‘tirib, elektron pochtani tekshiradi. U yerda mijozlardan kelgan xabarlarni ko‘rib chiqadi, yangi buyurtmalar yoki loyihalar bo‘yicha savollar bor-yo‘qligini tekshiradi. Bu vaqtni u kunlik vazifalar ro‘yxatini tuzish va ustuvor vazifalarni belgilash bilan o‘tkazadi.

Ertalab frilanser ishga sho‘ng‘iydi. Masalan, u blog uchun maqola yozishi yoki mijoz uchun dizayn ishlab chiqishi mumkin. U diqqatni jamlashga harakat qiladi va ijtimoiy tarmoqlarga chalg‘imaslikka intiladi. Ikki soatlik qizg‘in ishdan so‘ng qisqa tanaffus vaqti keladi. U ko‘chaga chiqib sayr qilishi, yengil tamddi qilishi yoki shunchaki ekrandan uzoqlashishi mumkin.

Tanaffusdan keyin frilanser o‘z loyihalariga qaytadi. Agar unda bir nechta buyurtma bo‘lsa, u vaqtni dedlaynlarga qarab taqsimlaydi. Tushlik vaqtida u o‘zini mazali ovqat bilan siylaydi va tushlikdan zavq oladi, ba’zan esa sevimli ko‘rsatuvini tomosha qiladi yoki kitob o‘qiydi — bu unga biroz chalg‘ishga yordam beradi.

Kunning ikkinchi yarmida u mijozlar bilan muloqot qiladi. Bu loyiha tafsilotlarini muhokama qilish uchun videoqo‘ng‘iroq yoki talablarni aniqlash uchun xabar almashish bo‘lishi mumkin. Muloqotdan so‘ng, frilanser yana ishga kirishadi va kun oxirigacha barcha rejalashtirilgan vazifalarni tugatishga harakat qiladi. Ish tayyor bo‘lganda, xatolar o‘tib ketmaganiga ishonch hosil qilib, fayllarni mijozlarga yuborishga tayyorlaydi.

Ish kuni yakunlanganda, frilanser kun sarhisobi bilan band bo‘ladi. U bajarilgan vazifalarni qayd etadi va muhim muddatlarni unutmaslik uchun keyingi kunga vazifalar ro‘yxatini yangilaydi.

Ana endi bo‘sh vaqt fursati yetadi. Frilanser do‘stlari bilan uchrashishi, sevimli mashg‘uloti bilan shug‘ullanishi yoki ekran qarshisida dam olishi mumkin. Shu tariqa, uning kuni taassurotlarga boy bo‘lib, ish jadvalining moslashuvchanligi va ustuvor vazifalarni mustaqil belgilash imkoniyati bilan ajralib turadi.

Frilansning afzalliklari

Frilans ko‘plab afzalliklarga ega bo‘lib, ko‘pchilik uchun uni jozibali tanlovga aylantiradi. Quyida frilansning asosiy afzalliklari keltirilgan:

Moslashuvchan jadval − frilanserlar o‘z ish kunini mustaqil boshqaradi. Bu ularga qulay vaqtda ishlash va ish tartibini o‘zi xohlaganidek tashkil etish imkonini beradi. Masalan, ertaroq uyg‘onish shart emas, istalgan kunni dam olish kuni, deb e’lon qilish yoki, agar qula bo‘lsa,  tunda ishlash mumkin.

Frilanserlar faqat o‘zlariga qiziq bo‘lgan vazifalarni tanlashlari mumkin. Bu nafaqat sevimli ish bilan shug‘ullanish, balki zerikarli yoki odatiy ishlardan qochish imkonini beradi.

Vazifalarning xilma-xilligi. Frilanserlar ko‘pincha turli loyihalar ustida ishlaydilar, bu esa yangi ko‘nikmalarni rivojlantirish va dunyoqarashni kengaytirishga yordam beradi. Bu ishni qiziqarli va yanada dinamik qiladi.

Sh bilan birga, daromad imkoniyatlarini qayd etish lozim. Frilanserlar, ayniqsa, yuqori haq to‘lanadigan loyihalarni tanlagan taqdirda, odatiy ishga nisbatan ko‘proq daromad olishlari mumkin. Ularning daromadi bajarilgan buyurtmalar soni va ish sifatiga bog‘liq. Frilanserning tajribasi va ishiga nisbatan ijobiy fikrlar qancha ko‘p bo‘lsa, uning ishi shunchalik yuqori baholanadi. 

Bundan tashqari, frilans shaxsiy mustaqillikni beradi. Ish beruvchiga bog‘liq bo‘lmay, kasbiy o‘sishni o‘z ritmida rivojlantirish imkoniyati shular jumlasidan. Bunga geografik erkinlik ham kiradi — internetga ulanish mavjud bo‘lgan istalgan joydan ishlash mumkin.

Frilanserlar, shuningdek, qulay ish sharoitlarini qadrlaydi.Ular boshqa hamkasblarga moslashish va dress-kodga amal qilish zaruratidan holi tarzda, o‘zlari uchun qulay muhitda ishlashlari mumkin. Bu esa ish unumdorligini oshirish uchun qulay muhit yaratadi.

Va eng muhimi, frilans shaxsiy va kasbiy o‘sishga zamin yaratadi. Frilanserlar doimiy ravishda yangi tahdidlar va o‘qish uchun imkoniyatlar bilan yuzlashib, bu ularga rivojlanish va o‘z ko‘nikmalarini takomillashtirishga ko‘maklashadi.

Frilansning kamchiliklari

Frilansning afzalliklariga qaramay, uning qator kamchiliklari ham mavjud bo‘lib, ularni hisobga olish muhim. Quyida bu ish shaklining asosiy kamchiliklari keltirilgan:

Daromadning barqaror emasligi. Frilanserlar ko‘pincha shunday vaziyatga duch kelishadi: bir oyda buyurtmalar juda ko‘p bo‘lib, boshqa oyda esa umuman bo‘lmasligi mumkin. Bu hol moliyaviy rejalashtirishni murakkablashtirib, ba’zida jamg‘arilgan mablag‘lar hisobiga yashashni taqozo etadi. 

Mijozlarni doimiy izlash zarurati. Frilanserlar buyurtmalarni o‘zlari topishlari kerak, bu esa vaqt va kuch talab qiladi. Bu ayniqsa endi ish boshlayotgan, yuqori raqobatga duch kelayotgan yangi ishchilar uchun qiyin bo‘lishi mumkin.

Ijtimoiy kafolatlarning yo‘qligi. Frilanserlar haq to‘lanadigan ta’til yoki kasallik varaqasiga ega emaslar. Bu degani, kasal bo‘lgan holatda yoki dam olish kerak bo‘lganida ular daromad olmaydilar. Barcha bunday xarajatlar frilanserning zimmasiga tushadi.

Shu bilan birga, o‘z-o‘zini nazorat qilishdagi muammolarni qayd etish lozim. Tashqi nazoratsiz frilanserlar o‘z vaqtini va vazifalarini boshqarishda qiyinchilikka duch kelishlari mumkin. Ayrimlar ishni keyinga qoldirib qo‘yadi, boshqalar esa haddan tashqari ko‘p ishlab, stress holatiga tushishlari mumkin. 

Ishning yana bir jihati yolg‘izlikdir. Masofadan ishlash sharoitida frilanserlar hamkasblar bilan muloqot qilish va jamoaviy ishlarda ishtirok etish imkoniyatini yo‘qotishadi. Bu o‘z navbatida, yakkalanish hissi va professional muloqot yetishmasligiga olib kelishi mumkin.

Frilanserlar daromad va xarajatlarni hisobga olish, soliqlarni to‘lash va shartnomalarni rasmiylashtirish kabi ma’muriy vazifalarni ham bajarishlari kerak. Bu buxgalteriya bo‘yicha qo‘shimcha bilim va sa’y-harakatlarni talab qiladi.

Vanihoyat mijozlar tomonidan aldanish xavfi bor. Agar ish rasmiy shartnoma asosida yoki ishonchli platformalar orqali amalga oshirilmasa, frilanser pulini to‘lamaydigan yoki ishni adolatsiz baholovchi nopok buyurtmachilarga duch kelishi mumkin.

Frilanser bo‘lish uchun nima qilish kerak?

Agar frilans bilan shug‘ullanishni istasangiz, avval o‘z qobiliyatlaringiz va qiziqishlaringizni aniqlashingiz kerak. Sizga nima yoqishi va  qaysi sohalarni yaxshi bilishingiz haqida o‘ylab ko‘ring. Bu dasturlash, grafik dizayn, matn yozish yoki ijtimoiy tarmoqlarni yuritish bo‘lishi mumkin. Qobiliyatlaringiz ro‘yxatini tuzib chiqing va qaysilari yordamida daromad topish mumkinligini aniqlang. Masalan, yaxshi chizsangiz, illyustratsiya yoki dizayn sohasida o‘zingizni sinab ko‘ring.

Keyingi qadam portfolio yaratish bo‘ladi. Bu potensial mijozlarga mahoratingizni ko‘rsatadigan ishlaringizning to‘plami. Portfolionga do‘stlar uchun yoki o‘quv loyihalari doirasida bajarilgan ishlarni ham qo‘shishingiz mumkin. Behance yoki Dribbble kabi platformalarda ham o‘z ishlaringizni joylashtirish mumkin.

Shundan so‘ng, frilans platformalarida ro‘yxatdan o‘tishingiz lozim. Ko‘pgina platformalar foydalanuvchilarning 18 yoshdan katta bo‘lishini talab qiladi, ammo ba’zilari (masalan, Fiverr) ota-ona roziligi bilan akkaunt yaratishga ruxsat beradi. Agar 18 yosh to‘lmagan bo‘lsangiz, ota-onangizdan akkauntni o‘z nomlariga ro‘yxatdan o‘tkazib berishlarini so‘rab, ularning nazorati ostida ishlashingiz mumkin.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni unutmang. Professional akkauntlar yaratib, ishlaringizni e’lon qiling, bu orqali potensial mijozlarning e’tiborini jalb qilasiz. Ijtimoiy tarmoqlar ilk buyurtmalarni topish uchun yaxshi maydon bo‘lishi mumkin.

Ota-onangiz bilan o‘z rejalaringizni muhokama qilishni ham unutmang va ularning roziligini oling. Bank hisob raqami ochish yoki xizmatlar uchun to‘lovlarni olishda ularning ruxsati kerak bo‘lishi mumkin. Ota-onangizning qo‘llab-quvvatlashi yangi yo‘nalishda o‘zingizni ishonchli his qilishingga yordam beradi.

Vanihoyat o‘zingizni nazorat qilish va vaqtni boshqarishni o‘rganish muhim. Frilanser sifatida ishlab, barcha vazifalarni o‘z vaqtida bajarish va ish jarayonini to‘g‘ri tashkil etish uchun o‘zingiz mas’ul bo‘lasiz. Bu mas’uliyat ko‘nikmalarini rivojlantiradi.

Agar frilansni sinab ko‘rish haqida o‘ylayotgan bo‘lsangiz, bu yangi imkoniyatlar uchun yo‘l bo‘lishi mumkin! Frilans sizni qiziqtirgan loyihalarda ishlash, uydan chiqmasdan daromad topish va yangi tajribalarga ega bo‘lish imkoniyatini beradi.

Ammo bu sohadagi muvaffaqiyat sizning sa’y-harakatingiz va qat’iyatingizga bog‘liq. Har doim ham oson bo‘lmaydi – ba’zan qiyinchiliklarga duch kelasiz, mijozlarni topish va vaqtni boshqarish kerak bo‘ladi. Biroq rivojlanish istagi va sabr-toqat barcha to‘siqlarni yengishingga yordam beradi.

Frilans katta muvaffaqiyat sari birinchi qadamiңgiz bo‘lishi mumkin. Ko‘pgina muvaffaqiyatli mutaxassislar aynan frilansdan boshlashgan, o‘z mahoratlarini rivojlantirib, tajriba to‘plashgan. Aytgancha, faktcheking sohasida ham frilanser bo‘lib ishlash mumkin. Faktchekingni Qlever o‘yinlari orqali o‘rganishingiz mumkin.

Shuning uchun qo‘rqmang va o‘zingizni sinab ko‘ring! Agar o‘z ishingizga kuch va vaqtni sarflashga tayyor bo‘lsangiz, frilans dunyosi sizni kutmoqda. Omad yor bo‘lsin!

 

Ushbu axborot-ma'rifiy platforma Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi yoshlari uchun mo‘ljallangan.

Platforma sherik-davlatlar qonunchiligi talablarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Platformada ishlatilgan barcha misollar faqat ta'lim maqsadida keltirilgan va hech qanday noqonuniy niyatlarni ko‘zlamaydi. Platformadan foydalangan holda siz uni tushunganingizni va yuqorida ko‘rsatilgan maqsad va vazifalarga roziligingizni tasdiqlaysiz.