Дождитесь окончания загрузки
Модальное окно "Дорогой друг, прими участие в опросе"
preview Orqaga

Iqlimiy migratsiya: ekologik, ijtimoiy va gender o‘lchovlar

09.07.2025 • 09:54

Tarixan Markaziy Osiyo (MO) — ko‘chmanchi sivilizatsiyalar beshigi bo‘lgan. Tyan-Shan etaklaridan Kaspiy sohillarigacha cho‘zilgan Buyuk Dasht cheksiz ko‘chishlar maydoni edi. Skiflar, hunnlar, turklar, mo‘g‘ullar kabi qadimgi qabilalar mavsumiy o‘zgarishlarga ergashib, yozgi yaylovlardan (jaylov) qishki makonlarga (qishloq) ko‘chib yurishgan. Bu chorvaning omon qolishini, demakki, o‘zlarining ham yashab qolishini ta’minlagan. Bu ko‘chishlar bevosita tabiiy resurslar — hayvonlar uchun o‘t-o‘lan, ichimlik suvi, yomon ob-havodan panoh kabi manbalarning mavjudligiga bog‘liq edi. Iqtisodiyot butunlay ekotizimga bog‘liq bo‘lgan. Muvaffaqiyatli ko‘chmanchilik — bu tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularning mavsumiy mavjudligiga moslasha olish demak edi.

 

 

 

Bu suratda Sardoba suv ombori portlashidan keyin Sirdaryo viloyati ayollari, 2020-yil.

Insoniyat evolyutsiyasining millionlab yillari davomida tirik qolish va farovonlikka intilish kabi fundamental istak deyarli o‘zgarmagandek tuyuladi. Ilgari MO xalqlari ekologik resurslarni — chorvachilik uchun serhosil yaylovlar, suv manbalari, boy ov maydonlari — izlab ko‘chib yurishgan bo‘lsa, bugungi kunda bu “ko‘chmanchilik” xarakteri chuqur o‘zgarishga uchradi. Hozirda odamlar faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilash uchungina emas, balki ekologik ne’matlar toza suv, sof havo, yumshoqroq iqlim izlab ham “ko‘chmoqda”.

Zamonaviy migratsiyalar, albatta, hanuzgacha iqtisodiy turtkilar bilan harakatlanmoqda. Markaziy Osiyoning qishloq hududlarida yashovchi aholi, vatandagi cheklangan imkoniyatlarga duch kelib, mintaqaning yirik shaharlari — Toshkent, Olmaota, Bishkek, Samarqand — yoki undan tashqariga — Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya kabi davlatlarga ko‘chib o‘tmoqda. Ular yuqoriroq daromad, barqaror ish va yaxshiroq turmush sharoitlariga intilmoqda. Bu ma’noda zamonaviy harakatni “vertikal ko‘chmanchilik” deb atash mumkin — geografik emas, balki ijtimoiy-iqtisodiy qatlamlar bo‘ylab farovonlik izlash. Iqlim o‘zgarishi, urbanizatsiya va industrializatsiya kabi global chaqiriqlar fonida zamonaviy “ko‘chmanchilik” ko‘rinishlari ancha murakkab va ko‘p qirrali tus oldi.

 


 

 

Suratda bir paytlar Orol dengizi sohilida joylashgan Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq shahri aks etgan.

Urbanizatsiyaga umumiy intilish — davlat siyosati va iqtisodiy rivojlanish bilan rag‘batlantirilgan holda — qishloq hududlardan shaharlarga ichki migratsiyani ham kuchaytirmoqda. Ichki migrantlar uchun eng kuchli tortishish markazi bu — Toshkent shahri hisoblanadi. Bu holat, avvalo, ish o‘rinlarining ko‘pligi, rivojlangan infratuzilma, yuqori maoshlar, ta’lim va tibbiyot xizmatlariga yaxshiroq imkoniyatlar bilan izohlanadi. Masalan, 2024-yilda Toshkentga 44 605 kishi ko‘chib kelgan. Ayollar ko‘proq oila qurish (turmushga chiqish), ta’lim olish yoki xizmat ko‘rsatish sohasida ish topish kabi sabablar bilan ko‘chadi. Erkaklar esa ko‘proq xalqaro mehnat migratsiyasiga moyil. Ichki migratsiyada "ekologik migrantlar"ga oid aniq statistik ma’lumotlar cheklangan bo‘lishi mumkin, biroq ekologik inqirozning iqtisodiy faollik va hayot sifati ustidagi ta’siri yashirin bo‘lsa-da, odamlarning ko‘chishidagi asosiy omillardan biri hisoblanadi.

Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishlarining epitsentrida joylashgan bo‘lib, bu o‘zgarishlar haroratning ko‘tarilishi, qurg‘oqchilik hududlarining kengayishi va muzliklarning erishi (masalan: "Vandjak", "Janubiy Inilchek", "Zarafshon muzligi", "Garmo") orqali namoyon bo‘lmoqda. Ekstremal ob-havo hodisalari — cho‘llanish va ekotizimlarning yemirilishi — millionlab insonlarning tirikchiligiga bevosita va bilvosita ta’sir ko‘rsatmoqda hamda ularni xavfsizlik va resurslar izlab o‘z uylarini tark etishga majbur qilmoqda. Iqlimiy migratsiya, ya’ni iqlim o‘zgarishining bevosita yoki bilvosita ta’siri natijasida aholining ko‘chishi, bugungi kunda Markaziy Osiyo uchun tobora dolzarb mavzuga aylanib bormoqda. U XXI asrning eng muhim gumanitar va ijtimoiy muammolaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.

Iqlimiy migratsiya uzoq vaqt davomida chekka muammo sifatida qaralgan. Muhimi shundaki, bu hodisa bir xil ko‘rinishga ega emas — u mavjud ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy tengsizliklar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ijtimoiy guruhlarning zaifligini yanada kuchaytiradi. Hozirgacha “iqlimiy qochqin” tushunchasining umumiy tan olingan huquqiy ta’rifi mavjud emas, bu esa bu toifadagi insonlarga huquqiy himoya va yordam ko‘rsatishni qiyinlashtiradi. Shunga qaramay, iqlimiy qochqinlar sonining ortib borishi gumanitar falokatlar va tengsizliklar kuchayishiga olib kelmoqda. O‘zbekistonda bu chaqiriqlar Aral dengizining tarixiy ekologik fojiasi bilan yanada og‘irlashmoqda, bu esa iqlimiy migratsiyani muqarrar haqiqatga aylantiradi. Mintaqadagi aholisi eng ko‘p bo‘lgan davlat sifatida O‘zbekiston bu o‘zgarishlarga nisbatan ayniqsa zaif hisoblanadi.

Ekologik o‘zgarishlar migratsiya jarayonlarining katalizatori sifatida xizmat qiladi, gender jihatlar esa iqlimiy migratsiya tajribasi va uning natijalarini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. Uzoq davom etadigan qurg‘oqchilik davrlari suv resurslarini tugatadi, insonlarning hayoti bog‘liq bo‘lgan dehqonchilik yerlarini yo‘q qiladi. Bu ayniqsa yomg‘ir suvi bilan sug‘oriladigan agrar jamoalar uchun dolzarbdir. Biologik xilma-xillikning yo‘qolishi va o‘rmonlar, suv-botqoq yerlari kabi ekotizimlarning yemirilishi tabiatning hayot uchun zarur xizmatlarni — toza suv, unumdor tuproq va iqlimni tartibga solish imkoniyatini zaiflashtiradi. Bu esa qishloq xo‘jaligi, baliqchilik va boshqa an’anaviy daromad manbalariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va odamlarni yangi imkoniyatlar izlashga majbur qiladi.

Tuproqning sho‘rlanishi va suv tanqisligi sababli baliqchilikning yo‘qolishi va qishloq xo‘jaligining keskin qisqarishi aholining tirikchilik vositalaridan mahrum bo‘lishiga olib keldi. Ilgari port shahri bo‘lgan Mo‘ynoq (Qoraqalpog‘iston Respublikasi) aholisi bugun u yerlarni tark etishga majbur bo‘lmoqda. Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatlarining ayrim hududlarida sifatli ichimlik suvi tanqisligi butun oilalarni yangi yashash joylari izlashga undamoqda. Ayniqsa Arol fojiasidan jabr ko‘rgan Qoraqalpog‘iston va Xorazm aholisi Toshkent, Toshkent viloyati yoki mamlakatning iqtisodiy jihatdan rivojlangan boshqa hududlariga ko‘chmoqda. Aholi, ayniqsa yoshlarning ketishi ijtimoiy faollikning susayishiga va inson kapitalining yo‘qotilishiga olib kelmoqda. Ichki migratsiya statistikasi odatda “ekologik migrantlar”ni alohida toifada ko‘rsatmasa-da, bu ko‘chishlar ko‘pincha “mehnat migratsiyasi” sifatida qayd etiladi, aslida esa ular chuqur ekologik ildizlarga ega.

Iqlimiy migratsiya gender nuqtayi nazaridan neytral emas. Erkaklar va ayollar migratsiya sabablarini, jarayonini hamda oqibatlarini turlicha boshdan kechiradilar. Bu farqlar ijtimoiy me’yorlar, gender rollari, resurslar va hokimiyatga kirish imkoniyatidagi tafovutlarga borib taqaladi. Patriarxal jamiyatlarda erkaklarning ish izlab migratsiya qilishi natijasida, ayollar yomonlashib borayotgan ekologik sharoitda uy xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligi ishlarini boshqarish mas’uliyatini o‘z zimmasiga olishga majbur bo‘ladi.

Ayollar ko‘pincha qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarish va atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi an’anaviy bilimlarini qo‘llagan holda iqlim o‘zgarishiga jamiyatlarni moslashtirishda muhim rol o‘ynaydilar. Shu bois, iqlimiy migratsiyaga oid barcha strategiyalar va dasturlar genderga sezgir bo‘lishi lozim. Ayollarni iqlim o‘zgarishi va migratsiyaga moslashish strategiyalarini rejalashtirish jarayoniga jalb etish samaraliroq va barqarorroq yechimlarga olib kelishi mumkin.

Xavf ostida qolgan jamoalarga iqlim o‘zgarishiga joyida moslashish uchun zarur resurslar va yordam ko‘rsatish muhimdir. Bu — barqaror qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini rivojlantirish, tabiiy ofatlarga bardoshli infratuzilma qurish va daromad manbalarini diversifikatsiya qilishni o‘z ichiga oladi. Qishloq hududlarida yangi ish o‘rinlari va imkoniyatlar yaratish "iqtisodiy ko‘chmanchilik" zaruratini kamaytirishi mumkin. Oxir-oqibat, inson harakatining asosiy harakatlantiruvchi kuchi — bu “yaxshilik”ka intilishdir: bu iqtisodiy farovonlik bo‘ladimi yoki ekologik barqarorlik — baribir insoniyat harakatlarining markazida turadi. Markaziy Osiyodagi zamonaviy “ko‘chmanchilik” yangi shakllarga ega bo‘lgan bo‘lsa-da, u ming yillik insonning tabiatga moslashuvi tarixiga chuqur ildiz otgan. Bu o‘zgarishlarni anglash butun mintaqaning barqaror kelajagini ta’minlash uchun samarali siyosatlarni shakllantirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Ushbu axborot-ma'rifiy platforma Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi yoshlari uchun mo‘ljallangan.

Platforma sherik-davlatlar qonunchiligi talablarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Platformada ishlatilgan barcha misollar faqat ta'lim maqsadida keltirilgan va hech qanday noqonuniy niyatlarni ko‘zlamaydi. Platformadan foydalangan holda siz uni tushunganingizni va yuqorida ko‘rsatilgan maqsad va vazifalarga roziligingizni tasdiqlaysiz.