Moliyaviy savodxonlik: nima uchun uni yoshlikdan rivojlantira boshlash kerak?
31.07.2024 • 11:45Onlayn servislar taraqqiyoti bilan mahsulot va xizmatlar tobora ko'payib borayotgan zamonaviy dunyoda iste'molchilarga ularni yaxshi bilish, asosli qarorlar qabul qilish va yangi texnologiyalarning tatbiq etilishi bilan faollashgan firibgarlar tuzog'iga ilinmaslikka yordam berish darkor.
Yosh avlod uchun bu muammo dolzarb. Gap shundaki, moliyaviy yetuk xulq - bu nafaqar bilimlar, balki yoshlik chog'idan umr davomida qayta-qayta amalda sinash orqali shakllantiriladigan to'g'ri odatlar masalasi hamdir.
Moliyaviy savodxonlik - bu insonning saviyali va iqtisodiy samaraga ega qarorlarni qabul qilish uchun zarur bo'lgan moliyaviy bilim va ko'nikmalar. Bu degani, moliyaviy savodxon kishi o'z byudjetini rejalashtirish, moliyaviy maqsad va ustuvor vazifalarni belgilash, o'z daromad va xarajatlarini boshqarish, zaruriy moliyaviy mahsulotlarni tanlash, o'z qarzlarini boshqarish va pullarini me'yordagi tavakkalchilik bilan sarmoya qilishni yaxshi tushunadi.
Yoshlarda moliyaviy savodxonlik muammosining o'ziga xosligi nimada?
Birinchidan, yoshlar o'z hayot yo'lini endi boshlayapti va o'z daromadlarini boshqarish borasida yetarli tajribaga ega emas, kelajaklariga yengil ko'z bilan qaraydilar.
Ikkinchidan, zamonaviy dunyo nafsni sinovchi behisob narsalar va turli iste'mol vositalarini taklif etadi. Kreditlarning yengil olinishi esa ortiqcha xarajatlar va yosh yigitning kelgusi yillarga asossiz kredit qarzdorligiga olib kelishi mumkin.
Uchinchidan, aksariyat yoshlar moliyaviy mahsulotlar haqida sifatli axborotga ega emas, yoxud beg'amligi tufayli ularni yaxshi o'rganib chiqishga, xavflar darajasini tasavvur qilishga intilmaydilar.
Ushbu omillar to'lab bo'lmas kredit qarzdorligi, jamg'armaning past darajasi, moliyaviy istaklarga erishishning imkonsizligi va boshqa salbiy oqibatlar kabi turli muammolarga sabab bo'lishi mumkin.
Bundan tashqari, yetarli moliyaviy savodxonlikka ega bo'lmaslik istalgan kishi yildan-yilga faollashib borayotgan turli firibgarlar qurboniga aylanishiga olib kelishi mumkin.