Axborot urushi (AU) olib borish aksariyat hollarda turli razvedka tuzilmalarining vazifalari doirasiga kiradi, lekin bu masala bilan shug‘ullanadigan maxsus bo‘linma va tashkilotlar ham bo‘ladi. Masalan, sobiq SSSRda bu IDQA Bosh Siyosiy boshqarmasining 7-boshqarmasi, Uninchi reyxda – Xalq maorifi va targ‘ibot vazirligi, AQShda esa – “Axborot byurosi” bo‘lgan. Professional targ‘ibotchilar ilk marta Birinchi jahon urushi davrida paydo bo‘lgan.
AU usullari turlicha va rang-barang. Ma’lum bo‘lgan usullar orasida eng ko‘hnasi raqibni qo‘rqitish hisoblanadi. Masalan, Fors podshosi Kserks I Gretsiyaga bostirib kirishdan oldin o‘z ayg‘oqchilari orqali fors armiyasining yengilmasligi haqida mish-mishlar tarqatgan: “agar fors armiyasining hamma askarlari bri vaqtda kamondan o‘q otishsa, ular quyoshni to‘sib qo‘yadi”. Hech kimni omon qo‘ymaydigan maxfiy qurol haqidagi yolg‘on axborot ham ish beradi. Chingizxon va Gannibal shunday yo‘l tutishgan. Bosib olingan hududlar aholisini itoatkorlikda ushlab turish uchun ko‘p hollarda genotsid darajasidagi terror usuli qo‘llanilgan. Bosqinchilarga qarshi har qanday bosh ko‘tarish oshkora va qonli tarzda bostirilgan. Shu yo‘l bilan odamlarning yuragiga qo‘rquv solingan va ular kurashni davom ettirishdan voz kechishgan. Mo‘g‘ullar odatda shunday yo‘l tutishgan.
AU asosiy usuli yolg‘on axborot hisoblanadi. Turli davrlarda uni dushmanga iqtidor va fantaziyadan kelib chiqib, har xil g‘aroyib usullar bilan yetkazishgan. Oddiy usullardan biri – dushman orasiga ayg‘oqchi kiritish hisoblanadi. Ammo ba’zida boshqa qiziqarliroq usullardan ham foydalanishgan. Vengerlarni navbatdagi jangda yenggan mo‘g‘ullar vengriya qirolining muhrini qo‘lga kiritishadi va uning nomidan bosqinchilarga qarshilik qilishni to‘xtatish haqida soxta farmonlar chiqarishgan va ularni Vengriyaning turli hududlariga jo‘natishgan.
Kitob bosishning kashf etilishi va keng ommaning savodxonligi oshib borishi bilan AUda bosma so‘zdan foydalanish ommalasha boshladi. Shu yo‘l bilan Auning OAVga kirib kelishi boshlangan. Targ‘ibot va yolg‘on axborot tashuvchi eng oddiy vositalar varaqalar bo‘lib, ular dushman askarlari yoki aholisiga turli usullar bilan yetkazilgan. Birinchi jahon urushi davrida varaqalardan “sanoat” darajasida foydalanish boshlangan. Aynan shu davrda urushning asosiy ishtirokchilari targ‘ibot bilan shug‘ullanadigan maxsus xizmatlarga asos solishgan.
Qizig‘i shundaki, Birinchi jahon urushi (BJU) targ‘ibot birinchi galda o‘z aholisi va armiyasiga qaratilgan bo‘lishi kerakligini aniq-tiniq ko‘rsatib berdi. BJU davrida eng yaxshi targ‘ibotchilar inglizlar bo‘lishgan. Bundan tashqari, aynan ular birinchi bo‘lib targ‘ibot snaryadlari, targ‘ibot minalari va xatto miltiqdan otiladigan targ‘ibot granatalarini yaratishgan.
O‘sha davrdagi eng dahshatli yolg‘on inglizlar tomonidan tarqatilgan nemislar cho‘chqalarni boqish uchun o‘zlarining va dushman tomonning askarlari jasadlarini qayta ishlashayotgani haqidagi xabar bo‘lgan. U butun dunyoda g‘azab va nafrat qo‘zg‘alishiga sabab bo‘lgan: shu xabar tarqalganidan keyin Xitoy Antanta blogiga qo‘shilgan, Angliya va Amerikada esa urushga borish istagidagi ko‘ngillilar soni keskin oshgan.
Nemislar ham bunga munosib javob qaytarishga harakat qilishgan: ular o‘z mamlakati aholisiga rus kazaklari chaqaloqlarni yeyishlari haqidagi cho‘pchakni tarqatishgan (qizig‘i, ularga yana ishonishgan). Bu esa nemis askarlarini Faterlyandni Osiyolik odamxo‘rlardan himoya qilish uchun qahramonlarcha jang qilishga undagan.
Ikkinchi jahon urushi esa o‘zining dahshatli feyklarini dunyoga keltirgan. Masalan, nemislar konslagerlarda azobga giriftor bo‘lgan yahudiylarning jasadlaridan sovun ishlab chiqarishgani haqidagi xabarlar shular jumlasidandir. Ushbu uydirma, garchi xatto Xolokostning isroillik zamonaviy tadqiqotchilari tomonidan ham inkor etilgan bo‘lsada, hali-hanuz darslikdan darslikka ko‘chib yuribdi.
Manba:
https://militaryarms.ru/novye-texnologii/informazionnie-voiny