Дождитесь окончания загрузки
Модальное окно "Дорогой друг, прими участие в опросе"
preview Orqaga

Axborot urushlari: tushunchasi, sabablari, usullari

07.04.2022 • 08:43

Har qanday urush ­– o‘z maqsadlariga erishish harakatidagi bir necha tomonlar o‘rtasidagi qurolli kurash. Axborot urushi (AU) uchun uning ishtirokchilari raqib tomonni yengish yoki butkul yo‘q qilib tashlashga emas, balki unga nisbatan ustunlikka ega bo‘lishga intilishi xosdir. U an’anaviy urushning oqibati yoki sababchisi bo‘lishi ham, shuningdek o‘z o‘zidan rivojlanishi ham mumkin: masalan, saylovlar yoki siyosiy inqiroz vaqtida.

Keng ma’noda AU o‘z ichiga kommunikatsiya vositalari yordamida manipulyatsiya, ma’lumotlar to‘plash, targ‘ibot, logistika va elektronikani sabotaj qilish, kuzatuv va boshqalarni oladi. Amaliy jihatdan ushbu atama psixologik urush (yolg‘on axborot tarqatish va targ‘ibot) va kiber urush (kommunikatsiya kanallariga ta’sir ko‘rsatish) tushunchalariga yaqin turadi. Aksariyat odamlarga uning birinchi turi ta’sir ko‘rsatadi, shu bois u haqda so‘z yuritamiz. 

AUning asosiy vazifalari – odamlarning qadriyatlari tizimiga ta’sir ko‘rsatish, ularning fe’l-atvorini va fikrlash usulini o‘zgartirish, qarshilik ko‘rsatish qobiliyatidan mahrum qilishdan iborat. Bunda nafaqat qarshi tomonga, balki o‘zinikilarga ham ta’sir o‘tkaziladi. Buning uchun esa ommaviy axborot vositalari, birinchi galda, televideniye mos keladi. U umuman internet va, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlar bilan solishtirganda voqea-hodisaning ishtirokchisi bo‘lish ta’sirini samaraliroq yuzaga keltiradi.

Har doim manipulyatsiya yashirincha olib boriladi: agar sizni manipulyatsiya qilishmoqchi ekanini bilib qolsangiz, bu jarayon amalga oshmaganini anglatadi. Birinchi galda, nima haqda gapirilayotgani emas, balki qanday gapirilayotgani muhim. Bugungi kunda targ‘ibot to‘g‘ridan to‘g‘ri javoblar bermaydi: odamlarga o‘zganing nuqtai nazari ochiqchasiga singdirilsa, ular qarshilik ko‘rsatishadi. Buning o‘rniga targ‘ibot odamlarni biror bir xulosaga xiddi o‘zlari kelgandek taassurot uyg‘otishga undaydi. Tadqiqotchilar manipulyatsiya qiluvchilar amal qiladigan bir necha o‘nta qoidalarni ajratib ko‘rsatishadi.

  • Voqea-hodisani bayon etish uchun yangi atama va timsollarni yaratishadi. Targ‘ibotchilar biror bir hodisa yoki odamlar guruhiga ijobiy yohud salbiy bo‘yoqdorlik berish uchun til usullaridan (fonetik va leksik), shuningdek jamiyatda mavjud bo‘lgan qarashlardan, yanglish fikrlardan foydalanishadi. Shuning yordamida qarama-qarshi tomon kamsitiluvchi ko‘rinishda tasvirlanadi – masalan, ular hayvonlar yoki o‘simliklarga tenglashtirilib kamsitiladi.
  • Statistikadan juda ko‘p foydalanishadi. Agar odamning xotirasi kuchli va tili burro bo‘lsa, har qanday fikrlarni raqamlar yordamida bosib tashlashi mumkin. Hamma ham tezda hisob-kitob qilish va baholash qobiliyatiga ega emas, shu bois statistika – ayniqsa ko‘pchilikning fikriga tayanadigan sotsiologik statistika o‘z o‘rnida qo‘llanilsa, kuchli qurolga aylanadi.
  • Kun tartibini o‘zgartirishadi. Manipulyatsiyachilar voqea-hodisalar qatoridan o‘zlari uchun eng foydalilarini ajratib olishadi. Axborot urushi paytida medialar yolg‘on axborot vajlari bilan to‘lib-toshgan bo‘ladi hamda boshqa bir voqea-hodisaning foydasini ko‘zlab, boshqasini e’tiborga olishmaydi. Shu yo‘l bilan OAV orqali zarur mavzu atrofida yuqori bosim ushlab turiladi.
  • Anonim manbalarga havola berishadi. Manipulyatsiyachilar ham rost, ham yolg‘on axborotning sizib chiqishidan foydalanishadi. Bu ayrim fikrlarga yuqori darajada ishonchlilik bag‘ishlash uchun qilinadi: sizib chiqishlar go‘yoki kam sonli odamlargagina ma’lum bo‘lgan axborotni ochiqlaydi va odamni voqea-hodisaning ichiga olib kiradi. Qolaversa, odamlar rasmiy shaxslarning bayonotlariga har doim ham ishonaverishmaydi va hamma narsadan yashirin ma’no izlashadi.
  • Ekspertlarning fikrlarini berishadi. Oddiy o‘quvchilar, tinglovchilar va tomoshabinlarning nazarida ekspertlar, ular kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘ziga xos, noyob bilimlarga ega shaxslar hisoblanishadi. Sizib chiqqan axborotga havola kabi, bu ham fikrga ishonchlilik bag‘ishlashda qo‘l keladi.
  • Yengil trans holatiga tushirishadi. Tovush va video qatori ongni g‘aflatga solib, ong ostini ochishi mumkin, oqibatda siz axborotni tanqidiy qabul qilishni to‘xtatasiz. Xatto radio yoki televizor bor-yog‘i fon vazifasini bajarganida ham shunday bo‘lishi mumkin.
  • Muqobil ssenariy bilan qo‘rqitishadi. Ba’zida yo‘q joydan o‘zingning ustunliklaringni o‘ylab topgandan ko‘ra, raqibning kamchiliklarini izlagan osonroq bo‘ladi. Natijada qisman haqiqat yuzaga keladi: “Ha, hozir ishlar unchalik yaxshi emas, lekin bundan ham battar bo‘lishi mumkin”. Bu samarali usul – chunki ko‘pchilik odamlar yana ham yomon bo‘lmasligi uchun boriga qanoat qilishni ma’qul ko‘rishadi.

Manba:

http://www.lookatme.ru/mag/how-to/inspiration-howitworks/206079-infowars

Ushbu axborot-ma'rifiy platforma Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi yoshlari uchun mo‘ljallangan.

Platforma sherik-davlatlar qonunchiligi talablarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Platformada ishlatilgan barcha misollar faqat ta'lim maqsadida keltirilgan va hech qanday noqonuniy niyatlarni ko‘zlamaydi. Platformadan foydalangan holda siz uni tushunganingizni va yuqorida ko‘rsatilgan maqsad va vazifalarga roziligingizni tasdiqlaysiz.