Axborotga egalik qilgan dunyoga egalik qiladi, degan gap bor. Internet axborotni hamma uchun ochiq va foydalanishga oson qilib qo‘ydi. Ammo, amaliyotning ko‘rsatishicha, 2022-yilga kelib ham hamma odamda Internetdan erkin foydalanish imkoniyati yo‘q ekan.
Internet-senzura kimdir (odatda, hokimiyat organlari va yirik korporatsiyalar) internetdagi ma’lum bir axborotni ko‘rishni cheklashi yoki taqiqlashini bildiradi.
Boshqacha aytganda, mabodo birorta sayt hukumatga (provayderga, ijtimoiy tarmoqqa) yoqmay qolsa, ushbu sayt taqiqlanganlar ro‘yxatiga tushadi hamda mamlakat aholisi endi unga kira olmaydigan bo‘ladi.
Tarmoqdagi senzuraning qanday turlari mavjud?
- IP-manzillarni bloklash. Davlatlar nomaqbul saytlarning ro‘yxatlarini tuzishadi va unga o‘zlariga ma’qul kelmagan URLlarni kiritib boradilar. Ularga kirmoqchi bo‘lgan foydalanuvchi xatoni ko‘radi. Xatoning formati esa aloqa provayderiga va bloklash usuliga bog‘liq bo‘ladi. U brauzer ishidagi uzilish ko‘rinishida yoki tanlangan manbaga kirish qaysi qonunga asosan bloklangani ko‘rsatilgan o‘chirish shaklida bo‘lishi mumkin.
- Kalit so‘zlar asosida kontentni filtrlash. Bu ham saytlarni bloklash usuli, faqat u ancha rivojlangan variant. Aloqa provayderlari IP-manzillar o‘rniga kalit so‘zlardan foydalanishadi. “Norozilik” ruhidagi so‘rovlar bloklanadi. Ana shu so‘zlar bo‘lgan saytlar ham blokka tushadi.
- Mamlakat qonunchiligini buzayotgan saytlarning ishlash tezligini pasaytirib qo‘yish.
- Jarimalar va qamoq jazolari. Yaxshigina muddat olish xavfi ko‘plab OAV vakillarini tarmoqda biror narsa chop etishdan oldin yetti o‘lchab bir kesishga majbur qiladi. Qolaversa, bu faqat OAVgagina taalluqli emas. Oddiy foydalanuvchilar ham qamoqqa tushishu mumkin.
Dunyoning turli mamlakatlarida senzura
Shimoliy Koreyada tarmoqqa faqatgina maxsus xizmatlar, amaldorlar va ilmiy xodimlar ulanishi mumkin, ammo ular ham doimiy nazorat ostida bo‘lishadi. Qolgan aholi esa Kvanmyondan foydalanadi – axborot vazirligi Internetda mavjud saytlarni tahlil qiladi, o‘zining nazarida eng maqbullarini tanlaydi va o‘z tarmog‘iga joylashtiradi.
Xitoyda esa hamma narsa o‘ziniki. Facebook, Telegramning o‘z muqobili, YouTubening bir nechta variantlari hamda muloqot qilish ham, taksi buyurtirish ham, pul o‘tkazish ham mumkin bo‘lgan WeChat messenjeri mavjud. Gap shundaki, mazkur mahsulotlarning g‘arbcha variantlari Xitoyda qonunan taqiqlangan. Xatto Google qidiruv tizimida ham ma’lumotlar ancha kam.
Eronda 2000-yillar boshlaridan Facebook va YouTube kabi yirik platformalar bloklana boshlandi. VPNsiz foydalanish mumkin bo‘lgan yagona platforma Instagram. Buning ham diniy, ham siyosiy sabablari bor.
Kubada aholining faqat 5 % gina Internetdan foydalanadi. 2008-yilgacha mamlakatda Internet taqiqlangan edi, faqatgina hukumat vakillari va tanlanganlar undan foydalana olishardi. Mamlakat fuqarolariga tarmoqdan foydalanishga ruxsat berilganiga bor-yo‘g‘i 13 yil bo‘ldi. Ammo uyda Internetdan foydalanish Kuba o‘rtahol aholisining bir oylik maoshiga tushadi. Internet kafelarda esa davlat OTga ega ma’nan eskirgan kompyuterlar turibdi, ulardan ham faqat o‘ta boy odamlar foydalanishi mumkin.
Manbalar:
1.Timeweb; 28.04.2021; «Что такое интернет-цензура и нужна ли она миру»
https://timeweb.com/ru/community/articles/chto-takoe-internet-cenzura
2. Exclusive; 12.08.2021; «Интернет-цензура: кто и как остановит государство?» https://www.exclusive.kz/expertiza/obshhestvo/125411/