VPN (inglizcha virtual private network — «virtual shaxsiy tarmoq») — foydalanuvchiga bir bechta kompyuter o‘rtasida yaratilgan tarmoqqa xavfsiz ulanish imkoniyatini beruvchi texnologiya. Shuningdek, cheklovlarni chetlab o‘tish uchun ham ishlatiladi hamda tarmoqda maxfiylikni saqlashga yordam beradi.
VPN tarmoqlari qanday ishlaydi?
VPNga ulanish uchun zarur mobil ilovani o‘rnatish va ushbu funksiyani faollashtirish kifoya.
Foydalanuvchi tarmoqqa kirganida uning qurilmasiga o‘zigagina xos bo‘lgan IP-manzil beriladi. U uchinchi shaxslarga o‘zini aniqlashtirish va undan qaysi saytlarga kirilayotganini, qidiruv tizimlaridan qanaqa axborotlarni izlayotganini, nimalar xarid qilayotganini va boshqalarni kuzatib turish imkonini beradi.
VPN faollashtirilganida esa original IP-manzil ko‘rinmaydigan bo‘lib qoladi. Uning o‘rniga virtual shaxsiy tarmoqning manzili chiqadi.
Bu quyidagi imkoniyatlarni beradi:
· Lokal cheklovlarni aylanib o‘tish. Agar xorijiy VPN tanlansa, mahalliy taqiqlar amal qilmay qo‘yadi hamda foydalanuvchi o‘z mamlakati hududida bloklangan saytlarni ochish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
· Anonimlikni saqlaydi. Faollashtirilgan VPN-servis bilan internetga ulanish shifrlangan bo‘ladi, shu bois foydalanuvchiga oid ma’lumotlar uchinchi shaxslar uchun ochiq holatda turmaydi.
VPN nega kerak?
· Ishonchli himoya. Uzatilayotgan axborotni faqat shifr kaliti bo‘lgandagina ko‘rish mumkin;
· Geolokatsiyani niqoblash. Geolokatsiya haqidagi ma’lumotlar qurilmadan emas, balki VPN-serverdan keladi. U boshqa mamlakatda joylashgan bo‘lishi mumkin, shu bois uning joyini aniqlash imkoniyati bo‘lmaydi.
· Hududiy kontentdan foydalanish. Xorijga chiqqanda sizning “qadrdon” hududingiz uchun mo‘ljallangan kontentni ko‘rish imkoniyati bo‘lmasligi mumkin.
· Ma’lumotlarni himoyalangan tarzda uzatish. Masofadan turib ishlaganingizda sizda maxfiy korporativ ma’lumotlardan foydalanish zarurati tug‘ilishi mumkin. Ularning chetga chiqib ketish ehtimolini kamaytirish uchun ma’lumotlarni shifrlagan holda ulanish usuli qo‘llaniladi.
VPNdan foydalanishdagi kamchiliklar
VPNdan foydalanish internetga ulanish tezligingizga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bundan tashqari, oddiy foydalanuvchilar haqiqatda ham xavfsiz VPN-servislar uchun oyiga o‘rtacha 7-8 dollar to‘lashlari kerak bo‘ladi. Bepul VPNlar esa o‘z foydalanuvchilarining ma’lumotlarini, jumladan ularning login va parollarini chetga chiqarib yuborishi mumkin.
Ba’zi mamlakatlarda VPN-servislarning ishlashini cheklovchi yoki xatto ulardan foydalanishni taqiqlovchi qonunlar ham bor. Masalan, Rossiyada, garchi bu qonun hali amalda qo‘llanilmayotgan bo‘lsada, VPN-servislarga foydalanuvchilarga bloklangan saytlarni ochib berish taqiqlangan. Turkmanistonda esa VPNdan foydalanganlar qonunan ta’qib qilinadi.
Manbalar:
1. РБК; 20.01.2022 «VPN nima va u nima uchun»
https://trends.rbc.ru/trends/industry/604f0a309a79477d332569e3
2. Настоящее Время; 11.03.2021; «VPN nima va nima uchun hammaga kerak?»
https://www.currenttime.tv/a/internet-bezopasnost-vpn/31145192.html