Tarixan media deganda har qanday kommunikatsiya, massmedia degamda esa – ommaviy kommunikatsiyaga taalluqli narsalar tushuniladi. Masalan, qadimgi yunonistonlik savdogarning papirusdan tayyorlangan hisob-kitob daftariga yozib qo‘ygan “10 ta baliq sotdim, bir qop un sotib oldim”, degan qaydi tor doiradagi shaxslarga – uning o‘ziga va do‘kondagi yordamchilariga mo‘ljallangan media (xabar) hisoblanadi. Toshga o‘yib yozilgan va mamlakatning butun aholisi tanishishi uchun o‘rnatib qo‘yilgan Xammurapi qonunlari esa – massmedia. Zamonaviy tilga ag‘daradigan bo‘lsak, do‘stingizga yo‘llagan xabaringiz media, maktab chatiga yuborilgan xabar esa – massmedia hisoblanadi. Ammo internetning keng tarqalishi bilan bu tushunchalar sinonimga aylanib qoldi.
Zamonaviy Ruminiya hududidan topilgan va eramizdan oldingi 5500-yilga taalluqli, deb hisoblanadigan loy taxtachalarga bitilgan Terteriy yozuvlari eng qadimiy yozma hujjat hisoblanadi. Ularning mazmuni, taxminlarga ko‘ra, xo‘jalik xarakteriga ega bo‘lib, o‘z-o‘zidan “media” toifasiga kiradi.
Qadimgi Rimning yangiliklar xabarlari muntazam massmedianing o‘tmishdoshi, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Ularda shaharda sodir bo‘lgan voqea-hodisalar haqida so‘z brogan va Actadiurnapopuliromani (“Rim xalqining kundalik yumushlari”) deb nomlangan. Ular odamlar to‘planadigan joylarga qog‘oz o‘ramlarini osib qo‘yish yo‘li bilan tarqatilgan, shahar zodagonlari va siyosatdonlar esa qog‘oz o‘ramining qo‘lda ko‘chirilgan shaxsiy nusxasini olishgan.
Buyuk cho‘l kengliklarida ham doimiy ravishda xabarlar almashib turilgan. Eng muhim rasmiy xabarlar va yangiliklarni yetkazishda bevosita ishtirok etadigan kishilarni “jarchi” (udaychi) yoki “xabarchi” (chopar) deb atashgan. Ushbu tizimda odamlar xabar va yangiliklarni bir-biriga yetkazadigan sarafan radiosi – uzunquloq alohida o‘rin tutgan.
Ilk bosma gazeta Qadimgi Xitoyda VIII asrda paydo bo‘lgan. “Poytaxt xabarnomasi”da imperatorning farmonlari va mehim voqea-hodisalar haqidagi xabarlar chop etilgan. Gazetani bosish uchun taxtaga ierogliflar o‘yib yozilgan, keyin taxtalarga bo‘yoq surtilgan va qog‘ozga bosib nusxa olingan.
O‘ralgan qog‘oz o‘rnini kodeks shakli – alohida pergament varaqlaridan iborat bo‘lgan muqovalangan va yig‘ilgan kitoblar egalladi. Qog‘ozning har ikki tomoniga yozish va darhol kitob qismiga o‘tish imkoniyati kodeksning asosiy afzalliklari hisoblanardi. Kodeksning bir xildagi elementlarga (ichki tutash sahifalarga) bo‘linishi o‘qishni osonlashtirar edi va u kitob tarqatilishini tashkil etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qilgan.
Manbalar:
Медиа и информационная грамотность. Учебное пособие для учащихся9–11(12) классов. / П. Банников, Т. Соколова, О. Гороховський, И. Печищев,Д. Радзявичус, А. Усупбаева, Д. Шишкин. – Алматы: ОФ «Международныйцентр журналистики «MediaNet», 2021.