Hilola Mahmudova, Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Ijtimoiy xizmatlar markazi operatori. U o‘z hayotiy hikoyasini so‘zlab berdi:
Men 1986-yil 15-dekabrda Samarqand viloyati Payariq tumanida tug‘ilganman. Bolaligim shiori – sabr bo‘lgan. Shifokorlarning xatolari mening taqdirimni nogironlik bilan bog‘ladi. Sinfdoshlarim meni “cho‘loq, nogiron” deb masxara qilishardi. Ko‘p marta yig‘lab uyga qaytganimni hali-ham eslayman. Mahalladagi bolalar yurishimga kulishardi. Lekin o‘shanda o‘zimga so‘z berganman: “Men taslim bo‘lmayman”.
Marhum otam doimo: “Qizlar ham o‘qishi kerak!” – der edi. U meni o‘qitishga harakat qilardi. Afsuski, ko‘plab o‘qituvchilar holatimni tushunishmadi, dars qoldirganim uchun ishlarimni qabul qilishmadi. Menga begonalardek qarashardi, xuddi yuqumli kasallik bordek menda. Shukrki, bu davrlar ham ortda qoldi.
Men universitetni tamomladim va ish qidirdim. Bolalar bog‘chasidagi suhbatda mudira menga qarab: “Sen nogironsan, maksimal darajada hojatxonada farrosh bo‘lishing mumkin, lekin bunga ham yaramaysan”, degani quloqlarim ostida turibdi.
Baribir maktabga ishga kirdim. Davolanish uchun ta’til so‘raganimda direktor: “Sen kasalsan, nima qilarding ishlab? Otang boqsin seni”, degan. Ular menda xodim sifatidagi qadriyatni emas, faqat kasalligimni ko‘rishardi.
O‘qishni davom ettirdim va boshlang‘ich sinflarda dars bera boshladim. So‘ng eng og‘ir narsa sodir bo‘ldi — otamdan ayrildim. Stress yangi kasallikni keltirib chiqardi.
O‘zimga kelganimdan so‘ng yana ish izlashga harakat qildim — shahardagi maktablar “nuqson” bahonasida meni qabul qilishmadi. Shunda chuqur depressiyaga tushdim.
Meni bundan yangi ish qutqardi — qishloq chekkasidagi maktab. Meni suhbatdan so‘ng ishga olishdi. Hayotimda birinchi marta insoniy munosabatni his qildim. O‘qituvchilar, o‘quvchilar, hattoki texnik xodimlar ham menga hurmat va tushunish bilan qarashardi. Imtiyoz so‘ramasam-da, menga barcha sharoitlar yaratildi – dars jadvalidan tortib, sog‘ligimgacha g‘amxo‘rlik qilishdi. O‘zimni odamdek his qildim.
Oilaviy sabablarga ko‘ra, tumanga qaytdim. ARGOS orqali hujjatlarni rasmiylashtirdim va imtiyoz asosida ishga joylashdim. Hozirgi jamoamda meni qadrlashadi, hurmat qilishadi va har doim qo‘llab-quvvatlashadi.
Ha, ba’zan ish haqi hisob-kitobida xatolar, ortiqcha soliq yoki pensiya stajini hisoblashdagi muammolar bo‘ladi. Ammo bu meni to‘xtatmaydi. Men o‘zim bilan faxrlanaman. Har bir og‘riq, har bir rad etishda kuch topdim. Bugun men o‘xshagan minglab ayollarga aytmoqchiman: “Taslim bo‘lma, sen munosibsan!”
Hilola Mahmudovaning hikoyasi ijtimoiy tizimda eng avvalo insonni ko‘rish va insoniylikni saqlash naqadar muhimligini tushunishga majbur qiladi. Nogironligi bo‘lgan insonlarning jamiyatga integratsiyasi – bu faqat qonunlar va imtiyozlar masalasi emas, balki eng avvalo insoniy munosabat, tushunish va ishonch masalasidir.